Toshkent – Osiyo chempionati mezboni
Poytaxtimizda karate bo‘yicha klublar o‘rtasida II Osiyo chempionati boshlandi
Poytaxtimizda karate bo‘yicha klublar o‘rtasida II Osiyo chempionati boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi, Osiyo karate federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada qit’amizning yigirmaga yaqin mamlakatidan 450 nafar sportchi ishtirok etmoqda.
Osiyo chempionatiga mezbonlik qilish uchun qator davlatlar da’vogarlik qilgan edi. Osiyo karate federatsiyasi O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga doimiy e’tibor qaratilayotgani, mamlakatimizning nufuzli sport anjumanlarini yuqori saviyada o‘tkazish borasidagi boy tajribasi hamda zamonaviy sport infratuzilmasi mavjudligini inobatga olib, mazkur chempionatni Toshkent shahrida o‘tkazishga qaror qildi.
O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi tomonidan chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish, musobaqa tashkil etiladigan sport majmualarining xalqaro standartlarga mos kelishini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borildi.
“O‘zbekiston” sport majmuasida 25-aprel kuni mazkur nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Chorlov sadolari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari kirib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirish, yosh avlodni har jihatdan barkamol etib voyaga yetkazishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bunday g‘amxo‘rlik samarasida jahon arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarning yangi avlodi yetishib chiqmoqda.
– O‘zbekiston yirik sport anjumanlarini yuqori saviyada tashkil etishda boy tajribaga ega ekani xalqaro sport jamoatchiligiga yaxshi ma’lum, – deydi Osiyo karate federatsiyasi vakili Patrik Lim. – Mamlakatingizda sportchilar uchun yaratilgan keng sharoit tahsinga loyiq. Mana shu mahobatli “O‘zbekiston” sport majmuasi misolida ham mamlakatingizda ommaviy sport rivojiga nechog‘lik yuksak e’tibor qaratilayotganini ko‘rish mumkin.
Karate – mamlakatimiz yoshlari orasida tobora ommalashib borayotgan yakkakurash turlaridan. Bugun yurtimizda yigirma ming nafardan ziyod yigit-qiz ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Karate bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi qit’amizda eng yetakchi jamoalardan hisoblanadi. Karatechilarimiz ko‘plab nufuzli xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy egalab kelayotgani buning dalilidir.
2014-yilda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bolalar, o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo kubogida sportchilarimiz to‘qqizta oltin hamda ikkitadan kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi. Turnirning jamoaviy kumite bahslarida ishtirok etgan O‘zbekiston xotin-qizlar terma jamoasi a’zolari shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Ozarbayjonda o‘tkazilgan xalqaro turnirda karatechilarimiz bittadan oltin, kumush va bronza, Singapurda yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan musobaqada beshta oltin, uchta kumush va bitta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Janubiy Koreyaning Incheon shahri mezbonlik qilgan XVII Osiyo o‘yinlarida Barno Mirzayeva kumush, G‘ofurjon Zohidov va Shahboz Ahatov bronza medalni qo‘lga kiritgani mamlakatimizda karate jadal rivojlanayotganining ifodasidir.
“O‘zbekiston” sport majmuasida boshlangan klublar o‘rtasidagi II Osiyo chempionatida sportchilar kata – kompleks mashqlarni bajarish va kumite – yakkama-yakka bellashuv yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Ushbu musobaqada mamlakatimiz sharafini G‘afurjon Zohidov, Shahboz Ahatov, Sadriddin Samatov, Ulug‘bek Muxsimov, Sardor Fayzullayev, Hilola Badalova, Barno Mirzayeva, Dilnoza Bakirova kabi mahoratli sportchilarimiz himoya qilmoqda.