Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi “Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan fuqaroga uy-joy sharoitini yaxshilash uchun mansabdor tanishlari orqali 120 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishida ko‘maklashish evaziga 5 mln 200 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ta’kidlash lozimki, hokim yordamchisi muqaddam sudlangan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining muqaddam sudlangan hokim yordamchisi sovun mahsuloti ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari bilan kelishgan holda, mazkur MCHJ va tumanda faoliyat yurituvchi xususiy o‘quv markazi nomiga 200 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishiga erishib, lekin ushbu pul mablag‘larini o‘ziga tegishli xususiy korxona hisob raqamiga o‘tkazish orqali talon-toroj qilishgan.
Hozirda hokim yordamchisi va MCHJ rahbariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Majburiy ijro byurosining Buxoro viloyati Kogon tuman bo‘limi mutaxassisi bo‘limning hisob raqamlariga kelib tushgan pul mablag‘larini o‘z muddatida, tegishliligiga ko‘ra to‘g‘ri yo‘naltirilishini ta’minlashga mas’ul bo‘lsada, lekin hisob raqamlardagi 321 mln 79 ming so‘m pul mablag‘ini o‘ziga tanish bo‘lgan 4 nafar fuqaroning plastik kartalariga o‘tkazish orqali naqdlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati olib borilmoqda.
O‘zA