Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Toshkent 2200 yillik tarixga ega, ko‘p asrlar davomida ilm-fan, madaniyat, san’at va ta’limning eng yirik markazlaridan biri bo‘lib kelgan.
Bugun poytaxtimiz rivojlanib, Markaziy Osiyodagi eng muhim va ko‘rkam megapolislardan biriga aylanmoqda. Toshkent shahrida turli yo‘nalishlardagi ko‘plab muzeylar faoliyat olib boradi. Ammo yaqin yillargacha Toshkentning tarixi, o‘tmishi va buguniga bag‘ishlangan alohida muzey mavjud emas edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Adiblar xiyoboni”ga tashrifidan so‘ng, bu yerda Toshkent muzeyini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ayni paytda Toshkent muzeyi “Adiblar xiyoboni”ga yondosh hududda, bir paytlar madaniyat va san’at ko‘rgazma zali bo‘lgan binoda joylashgan.
Toshkent muzeyi faoliyati va undagi ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu madaniyat maskaniga tashrif buyurdik.
- O‘tmishni o‘rganish uzoq davom etuvchi jarayon hisoblanadi, — deydi Toshkent tarixi muzeyi bo‘lim mudiri Ra’no Hotamova. — Albatta, bu jarayon ilmiy manbalar, arxeologik topilmalar bilan boyitib boriladi. Yoshlarni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muzeylar muhim o‘rin tutadi. Xalqimiz muzeylarga tarixni o‘rganish va bilish uchun tashrif buyuradi.
Toshkent muzeyi ham Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Toshkent shahri, vohasi — qadimgi Choch, Shosh haqida ma’lumot beruvchi ob’ekt hisoblanadi. Muzeyda Toshkentning 2200 yillik tarixi qamrab olingan. Toshkentning manzilgohlaridan tortib, hozirgi shahar tipiga kirgunga qadar bo‘lgan davrlarni o‘z ichiga oladi.
Toshkent muzeyi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 18 apreldagi “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida Fanlar akademiyasi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi filiali sifatida tashkil etilgan. 2020 yilda davlatimiz rahbarining o‘zlari tashrif buyurib, muzeyni ochib berdilar, — deydi muzey mas’uli.
Muzey bugungi zamon talablariga mos holda jihozlangan, zallari shinam va ko‘rkam. Elektron tablolar o‘rnatilgan bo‘lib, muzeydagi mavjud buyum va ashyolar haqida ma’lumotlar joylashtirilgan. Muzey ekspozitsiyalarida toshkentliklarning qadimiy o‘tmishi, urf-odatlari, qadimiy mintaqa san’ati va madaniyati namunalari namoyish etilgan. Bir necha bo‘limlardan iborat ekspozitsiyalarda qadim kentning madaniyati, ijtimoiy hayoti o‘z ifodasini topgan.
— Toshkent muzeyi 9 ta bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘limda Toshkentda tosh davri bo‘lib, bu davrdagi dastlabki manzilgohlar — Ko‘lbuloq, Obirahmat manzilgohlari, shuningdek, Xo‘jakent qoyatosh suratlari bilan tanishish mumkin. Ikkinchi bo‘lim esa so‘nggi bronza va ilk temir davri bo‘lib, bu davrga oid manzilgohlar va ulardan topilgan hunarmandchilik va uy-ro‘zg‘or buyumlari o‘rin olgan. Bundan tashqari, muzeyda tarixchi, arxeologlarning faoliyati, ish jarayonlari haqida tasavvur hosil qilish maqsadida alohida ekspozitsiya tashkil etilgan. U orqali aynan arxeologik jarayonlarni ko‘z bilan ko‘rib, tasavvur qilishingiz mumkin.
Keyingi bo‘limlarimizda esa antik davrda Toshkent, zardushtiylik davri madaniyati, islom dini kirib kelgani va rivojlanganiga oid ashyo va buyumlar namoyishga qo‘yilgan. Shuningdek, keyingi bo‘limda Toshkentning 12 darvozasi haqida ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lasiz. Bu davrda islom dini rivojlanganini ko‘rishimiz mumkin. Ko‘plab masjid va madrasalar qurilgani namoyon etiladi, — deydi Ra’no Hotamova.
Toshkent azaldan ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri sifatida rivojlanib kelgan. Bu yerda ko‘plab dunyoga mashhur insonlar yashab, ijod qilishgan: olimlar, madaniyat va san’atning ko‘zga ko‘ringan arboblari, yozuvchilar, shoirlar, rassomlar qadim kentning tarixida alohida o‘ringa ega.
- Bilamizki, Toshkent uzoq tarixni bosib o‘tgan. Ijtimoiy, iqtisodiy, ilm-fan markazi sifatida rivojlangan. Buni Toshkent hududida yashab, ijod qilgan allomalarimiz misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Qaffol Shoshiy, Zangiota, Shayx Xovandi Tohir kabilar shu yerda yashab, islom olamiga katta hissa qo‘shgan. Toshkent shahri 2007 yilda YUNESKO tomonidan Islom madaniyati markazi sifatida e’tirof etilishida ham ushbu allomalarimizning o‘rni beqiyos. Sakkizinchi bo‘limda toshkentlik allomalar haqida ma’lumotlar va suratlar o‘rin olgan.
Ma’lumki, Toshkent qadimdan milliy hunarmandchilik turlari rivojlangan hudud hisoblanadi. Alohida hunarmandchilik markazlari, mahallalar mavjud bo‘lgan. Muzeyda Toshkent hunarmandchiligi alohida bo‘limda keng namoyish etilgan.
- Toshkent tarixida alohida hunarmandchilik mahallalari mavjud bo‘lgan, — deydi suhbatdoshimiz. — Bu esa hududda barcha hunarmandchilik turlari rivojlanganini ko‘rsatadi. Hunarmandchilikka bag‘ishlangan alohida bo‘limda aynan Toshkent hududida keng tarqalgan zargarlik, miskarlik, ipakdo‘zlik, zardo‘zlik kabi hunarmandchilik namunalari o‘rin olgan. Umuman, muzeyimizda 3 mingdan ortiq eksponat mavjud bo‘lib, ularning barchasi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi fondidagi aynan Toshkentga oid bo‘lgan eksponatlar bilan to‘ldirilgan.
Toshkent muzeyi nafaqat tarixiy ashyoviy dalillar va eksponatlarni namoyish qiladi, balki shahar tarixini o‘rganish va tadqiq etishga qaratilgan ilmiy markaz sifatida ham ahamiyatlidir.
Toshkent muzeyini rivojlantirishda uning fondini yangi eksponatlar bilan to‘ldirish muhim. Bu borada poytaxt aholisi ham faollik ko‘rsatishi lozim. Ya’ni, xonadonlarda saqlanayotgan, ota-bobolardan meros qadimiy ashyo va buyumlarni muzeyga taqdim etishsa, yangi muzey fondi boyitilishiga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/n8T-gj77Jiw" title="Тошкент музейи — қадим кент ўтмишини намоён этувчи замонавий маскан" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA