English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent mozaikalari haqidagi loyiha xalqaro festivalda g‘olib bo‘ldi
14:36 / 2024-10-04

Toshkentdagi madaniy boyliklarni – mozaikalarni yopib turgan reklama bannerlaridan ozod qilish bilan tanishtiruvchi “Mosaicvertising” loyihasi xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Xususan, Gruziyaning Batumi shahrida bo‘lib o‘tgan “AdBlackSea” xalqaro ijod festivalida Toshkent mozaikalari haqidagi loyiha Gran-prini qo‘lga kiritdi. Tanlovning qisqa ro‘yxatiga jami 119 ta loyiha kiritilgan bo‘lib, bosh sovrin toshkentliklarga nasib etdi. Ijodkorlik festivalining mukofoti o‘z nomiga mos ravishda Qora dengiz sohilidan yig‘ilgan plastmassadan tayyorlangan.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, “AdBlackSea” festivali 2015 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda va reklama hamda marketing sohasidagi mutaxassislar orasida mashhurdir. G‘oliblar orasida O‘zbekiston, Sloveniya, Bolgariya, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Gruziya va boshqa mamlakatlarning loyihalari mavjud.

Bundan tashqari, Qozog‘istonda bo‘lgan “Jolbors-2024” XIII xalqaro reklama festivalida ham Toshkent mozaikalari haqidagi loyiha uchta oltin va uchta bronza mukofotini qo‘lga kiritdi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan mozaikalar O‘zbekiston madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan mozaikalar haqidagi sayt, animatsiya va kengaytirilgan reallik mobil ilovasi yaratildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA