French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent metrosi 103 kilometrgacha kengayatiriladi
17:51 / 2025-12-05

Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish darajasini oshirish va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan yirik islohotlar amalga oshiriladi.

Prezidentning joriy yil 4 dekabrdagi “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, poytaxt transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, kelgusi yillarda quyidagi ustuvor vazifalar bajariladi. Aholining jamoat transportidan foydalanish darajasi 60 foizga yetkaziladi. Avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligi 18 km/soatdan 24 km/soatgacha oshiriladi. 150 ming o‘rinli avtoturargohlar barpo etiladi. Metropoliten tarmog‘i uzunligi 103 kilometrga yetkaziladi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etilmoqda. Markazning asosiy vazifalari qatoriga transport, yo‘lovchi va piyodalar oqimlarini zamonaviy raqamli va “yashil” texnologiyalar orqali uzluksiz monitoring qilish, poytaxtning transport master rejasini ishlab chiqish, yo‘llar kesishmalarida ko‘p qavatli avtoturargohlar barpo etish kiradi.

Toshkent transport tizimi intellektual boshqaruvga o‘tkazilmoqda. Yangilangan tizim videokuzatuv qurilmalari va sensorlar orqali transport hamda piyoda oqimlarini kuzatib boradi, svetoforlarni avtomatik tarzda moslashtirib, jamoat transporti harakatining ustuvorligini ta’minlaydi. Shuningdek, yo‘l-transport hodisasi xavfi yuqori bo‘lgan nuqtalar aniqlanib, ular yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqiladi.

Mazkur chora-tadbirlar Toshkentning transport infratuzilmasini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarish va aholi uchun qulay harakatlanish sharoitini yaratishga qaratilgan.

Sh. Mamaturopova, O‘zA