English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent metropoliteni ochilganiga 47 yil to‘ldi
14:53 / 2024-11-07

1977 yil 7 noyabrda “Toshkent metropoliteni” yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlagan. Bugun poytaxt metropoliteni ishga tushirilganiga roppa-rosa 47 yil to‘ldi.

“Toshkent metropoliteni” tarixiga nazar tashlasak, u dastlab bir yo‘nalishdan iborat bo‘lib, 9 ta bekatdan tashkil topgan. Ilk yo‘nalish “Chilonzor” yo‘nalishi bo‘lib, “Olmazor” bekatidan “Amir Temur” bekatigacha davom etgan. Yo‘nalishning umumiy uzunligi esa 10,5 km. bo‘lgan.

Yillar o‘tishi, davr taraqqiyoti, zamonaviy texnologiyalar metro tizimida ham o‘z aksini topib bormoqda. O‘tgan yillar davomida “Toshkent metropoliteni” tubdan o‘zgardi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda poytaxt shaharda jamoat transportini rivojlantirish, aholiga qulaylik yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar asnosida metropoliten tizimi yangicha, zamonaviy qiyofa kasb etdi, yer usti metro yo‘nalishlari barpo etildi.

Har bir bekatning dizayni, ko‘rinishi alohida bir san’at asari singari yo‘lovchilarni, shahar mehmonlarini o‘ziga rom etadi. Qolaversa, metroning tezligi, qulayligi aholining undan keng foydalanishiga sabab bo‘lmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, «Toshkent metropoliteni» DUK axborot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 40 yil mobaynida metropolitenning bekatlari soni 29 tani va umumiy uzunligi 38 km.ni tashkil etgan bo‘lsa, so‘nggi 6 yil davomidagi bunyodkorlik ishlari hisobiga qo‘shimcha 33 kilometrlik metro yo‘nalishi va 21 ta yangi bekatlar qurib foydalanishga topshirildi.

Hozirgi kunda «Toshkent metropoliteni» 4 yo‘nalishda jami 50 ta bekatdan iborat. Yo‘nalishlar uzunligi esa 71 km.ga yetdi. Undan foydalanadigan kunlik yo‘lovchilar soni esa 950 mingdan ortib bormoqda.

Bugungi kunda «Toshkent metropoliteni»da 6 mingdan ziyod xodim faoliyat ko‘rsatadi. Ular yo‘lovchilarning o‘z manziliga tez va xavfsiz yetib olishlari uchun mehnat qilmoqda.

«Toshkent metropoliteni» poytaxtimizning ko‘rki, yo‘lovchilarga munosib xizmat ko‘rsatuvchi qulay jamoat transporti sifatida shahar hayotining ajralmas bir bo‘lagiga aylanib bormoqda. Uning samarali faoliyati poytaxt aholisi va mehmonlarining uzog‘ini yaqin qiladi, jamoat transportining qulayligini namoyon etadi.

Muhtarama Komilova, O‘zA