Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TOSHKENT METROPOLITENI: fuqarolarni manziliga tez va oson yetkazishning eng qulay vositasi
10:45 / 2020-12-29

bugungi kunda Toshkent metropoliteni fuqarolarning uzog‘ini yaqin qilish, ularni manziliga tez va oson yetkazishning eng qulay vositasi hisoblanadi.

Shu bois metropoliten xizmatchilari sutkaning to‘rtdan uch qismida, ya’ni o‘n sakkiz soat davomida shahrimiz fuqarolari xizmatida bo‘ladilar. Agar ana shu soatlarning aholi tig‘iz paytlarini inobatga olganda, bir kunda metropoliten bo‘ylab yuz minglab fuqarolarning harakatlanishiga guvoh bo‘lish mumkin. Ular tarkibini ishchi-xizmatchilar, talabalar, turli yosh va jinsdagi fuqarolar, Respublikamizning viloyatlaridan kelgan yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlar tashkil qiladi.

Yo‘lovchilarning tinchligi va xavfsizligini ta’minlashda doimiy barqarorlikni saqlash, metropolitenda yuz berishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olishda IIV Transport xavfsizligini ta’minlash bosh boshqarmasi, metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlarining ham salmoqli hissalari borligini e’tirof etish joiz. Xodimlar tomonidan profilaktika ishlarini tashkil etishning qanday o‘ziga xos jihatlari mavjud.

Birinchidan, metropolitendan foydalanuvchi yo‘lovchilar kontingentining farqlanishi, kunning muayyan soatlarida, tig‘iz paytlarda olib boriladigan profilaktika ishlari. Bunda kuzatuv kameralaridan foydalanish chog‘ida huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etib huquqni qo‘llash organlaridan yashiringan shaxslar, jinoyat sodir etishda gumon qilinganlar va boshqa qidirilayotgan shaxslarni aniqlash mumkin.

Ikkinchidan, tig‘iz soatlarda metro poyezdlari stansiyaga kelib to‘xtagan vaqtlarda vizual kuzatuvni kuchaytirish, harakatlari shubhali shaxslarning hujjatini tekshirish, sayyor kissavurlarni aniqlash.

Uchinchidan, har bir yo‘lovchining yuklarini tekshirishda metall buyumlardan foydalanish shart. Bundan tashqari o‘rni kelganda kimyoviy vositalar, kukunli va boshqa shubhali predmetlarni sinchkovlik bilan o‘rganish, buyum egasidan uning izohini talab qilish, zarur hollarda mutaxassisni chaqirish.

To‘rtinchidan, metropolitenning xizmatchilar foydalanadigan joylari, poyezdlar to‘xtab turadigan depolarda yashirin kuzatuv kameralari o‘rnatish, kinologiya xizmati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xizmat itlarining imkoniyatlaridan foylaniladi.

Beshinchidan, metropolitenda vizual kuzatuv olib borishda gabitologiya usulidan foydalanish, ya’ni jinoyatda gumon qilinuvchi shaxsning yuz qiyofasi belgilari, tuzilishi, ko‘zlarining joylashuvi, yuzining alohida belgilarini aniqlash.

Oltinchidan, huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etib yashiringan, jinoyat sodir etishda gumon qilinganlarni aniqlashda profayling metodidan foydalanish, ya’ni yo‘lovchining o‘zini tutishi, harakatlari, ruhiy beqarorligi, ko‘zlarining bejoligi va shu kabi belgilardan uning shaxsini aniqlash maqsadga muvofiqdir.

Yettinchidan, metropolitenda jinoyatlar profilaktikasini amalga oshirishda eng so‘nggi zamonaviy texnika va texnologiya vositalaridan foydalanish. Bunda Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi yaqin hamkor mamlakatlar politsiyalarining ilg‘or tajribalarini tatbiq etish maqsadga muvofiqdir.

Metropolitenda umumiy profilaktik choralar bilan bir qatorda yakka tartibdagi profilaktik choralarni amalga oshirish ham samarali hisoblanadi. Bunda masalan, metro bekatlarida, estokadalarda, metroning kirish yo‘laklarida belgilangan tartibni buzayotgan, jamoat tartibiga xilof harakat qilayotgan ( masalan, o‘ta mast holatdagi) va boshqa shu kabi shaxslar bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbat olib borish samara beradi.

Shunday qilib, Toshkent metropolitenida profilaktik ishlarni olib borish shu yerda xizmat o‘tayotgan ichki ishlar organlari xodimlaridan vatanparvarlik, bilimdonlik, hushyorlik va ayni vaqtda xushmuomalalik hamda samimiylikni talab qiladi.

Behzodbek Islombekov,

Metropolitenda xavfsizlikni

ta’minlash boshqarmasi xodimi, kapitan