Milandagi “Grace” xalqaro studiyasi asoschisi bilan suhbat
Birlashgan Arab Amirliklari Sharja shahrida navbatdagi yirik xalqaro ko‘rgazma – “Beqaror go‘zallik: moslashuvchan me’morchilik” mavzusida triyennale yuqori ruhda, minglab tomoshabinlar ishtirokida o‘tmoqda.
Anjumanda “Toshkent: modernizmni o‘zlashtirish” loyihasi bilan tomoshabinlar ko‘nglidan joy egallayotgan O‘zbekiston milliy pavilonida poytaxtning uch tarixiy inshooti namoyish qilinyapti.
“Toshkent modernizmi XX-XXI asrlar” nomli tadqiqot loyihasining bir qismi – Sharjadagi O‘zbekiston ko‘rgazmasi Milanda joylashgan arxitektura, urbanizm, dizayn va tadqiqot xalqaro studiyasi – “Grace” asoschisi, loyihamiz koordinatori Yekaterina Golovatyuk tomonidan muvofiqlashtirilgan.
Iste’dodli mutaxassis O‘zA muxbiriga bergan intervyusida Sharjadagi taqdimot Toshkent me’morchilik modernizmi namoyishi yo‘lidagi keng miqyosli missiyaning muhim tarkibiy qismi ekanini alohida qayd etdi. U pavilonimizga tashrif buyuruvchilar shahrimizning ijtimoiy, madaniy va me’moriy tarixini o‘rganib, inshootlar merosi, muhofazasi xususida qiziqarli ma’lumot olishi mumkinligini eslatdi.
– Sharja ko‘rgazmasi har bir mamlakat ijtimoiy-madaniy hayotida muhim o‘rin tutadi. Masalan, triyennale xalqaro auditoriya uchun O‘zbekiston merosini juda qiziqarli tarzda ochib berish imkonini bermoqda. Pavilonimizdagi namoyish “Grace” studiyasi hamda tadqiqotchi, tarixchi va arxitektorlar bilan hamkorlikda bajarilgan yirik tadqiqotni talqin qiladi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur loyiha keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani bizni yanada quvontirmoqda.
Ushbu loyiha doirasida modernizm davridagi juda ko‘p imoratlar, ya’ni Toshkentda 1960-1980 yillar oralig‘ida barpo etilgan inshootlarni ko‘rib chiqdik. Amin bo‘ldimki, o‘sha davr me’morchilik gullagan payt bo‘lgan ekan. Toshkent shahri arxitekturasi ancha murakkab tarixni boshdan kechirgandek. Shu bois bugun har birimiz san’at asari, deya e’tirof etiladigan bunday tarixni asrab-avaylash kerakligini tushunishimiz kerak.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan me’morchilik modernizmiga oid ko‘rgazma, konferensiyalarda xalqaro auditoriya va mahalliy aholiga poytaxtimiz me’morchiligi nimasi bilan qiziqligi, nima uchun asrab-avaylanishi kerakligini ko‘rsatishga xarakat qildik. Bundan tashqari shaharning qadimiy ko‘rinishini qanday qilib saqlab qolish mumkinligi bo‘yicha munozara uyushtirdik. Bu jarayonni xalqaro hamjamiyat oldida ham davom ettirish lozim.
Mashxur madaniy-me’moriy yo‘nalishda faoliyat yuritadigan “waiwai” byurosi me’mori va hammuassisi, loyiha koordinatori Voil Al-Avar tomonidan tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada uch bino – O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, “Samarqand” choyxonasi va “Zarafshon” restorani mamlakat mustaqillikka erishgandan keyin me’morchilik ehtiyojiga qarab o‘zgartirilgani aks etgan.
Qisqasi, ushbu binolar tarixning muhim bo‘lagi. Menga Voil asl nusxa va hozirgi holatni teng darajada saqlab, o‘tmish va bugundan yangi asar namunasi yaratgani yoqdi.
Xalqaro ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan sessiyalarda “Dunyo me’morchiligida nimani qanday saqlab qolish kerak?, “Binoni asl holatiga qaytarish, umuman, kerakmi yoki o‘zgarish ham me’morchilik tarixining muhim qismini aks ettiradimi?” kabi savollar javob izlandi. Xulosa shuki, bugungi madaniy-ma’rifiy olam taraqqiy etayotgan zamonda xalqaro hamkorlik, birlashuv juda zarur.
<iframe width="866" height="487" src="https://www.youtube.com/embed/_u6FRNA40D4" title="Toshkent me’morchilik merosini qanday saqlab qolish mumkin?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘ylashimcha, Toshkent merosini asrab-avaylash, shuningdek, XX asr merosini saqlashga yondashuv borasida ko‘proq global forumlar, anjumanlar uyushtirish kerak. Merosni saqlashda madaniy institutlar roli muhokama qilinadigan konferensiyalarda xamkorlikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirishga kelishib olish imkoni paydo bo‘ladi. Sharja ko‘rgazmasi ham qandaydir detallar va farqli elementlar prizmasi orqali juda muhim mavzuni ochib beryapti. Shu bois bunday tadbirlarni tez-tez tashkil etish, madaniy merosimizni saqlash to‘g‘risidagi fikr, taklif va loyihalar ustida ko‘proq ishlash maqsadga muvofiq.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.
Shavkat Tohirov (video, foto)
Sharja, BAA