O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy-ma’rifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress ish boshladi. Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati (WOSCU), Fanlar akademiyasi hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida tashkil etilgan yig‘inda 300 ga yaqin olim va san’atshunos, ta’lim sohasi vakillari ishtirok etmoqda.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Prezident maslahatchisi Ruslanbek Davletov o‘qib eshittirdi.
Aytish joiz, mazkur forum xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ilmiy va madaniy muassasalar vakillari, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjondan kelgan olimlar, san’at arboblarini birlashtirdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad mintaqa xalqlari ma’naviy va ilmiy merosini birlik, hamkorlik, barqaror taraqqiyot asosi sifatida tahlil qilishdir. Shuningdek, bir necha kun davomida davlatlarning umumiy madaniy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib etishga qo‘shayotgan hissasi, ilm-fan, ta’lim va madaniyatlar aro muloqotni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarga alohida e’tibor qaratiladi.
[gallery-26239]
Kongress aynan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi ramziy ahamiyatga ega. Bu noyob majmua mintaqaning uch ming yillik tarixi, Renessans davrlari va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti jarayonini mujassam etgan. Majmua sivilizatsiya merosini o‘rganish, yoshlarni tarbiyalash va xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.
– O‘zbekistonning madaniy boyliklari – butun insoniyat mulki, – deydi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. – Biz, tadbir qatnashchilari nafaqat o‘lkamiz, balki butun Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniy merosi haqida, buyuk ajdodlarimiz jahon sivilizatsiyasi rivojiga qanday hissa qo‘shgani xususida gaplashamiz. Ushbu markazni barpo etishda dunyoning qariyb 40 mamlakatidan kelgan olimlar ishladi. Bu 800 loyihani amalga oshirgan bir yarim mingga yaqin olim, degani. Bundan tashqari quruvchi, me’mor, dizaynerlar mehnatini ham e’tirof etamiz.
Anjuman avvalida markaz muzeyi bilan tanishgan mehmonlarga majmua haqidagi hujjatli film namoyish etildi. Shundan so‘ng tadbir Markaziy Osiyo va Ozarbayjon Madaniyat vazirliklari, Fanlar akademiyalari, din sohasi vakillari, milliy muzeylarva kutubxonalar, kino agentliklari, Badiiy akademiyalar, Yozuvchilar uyushmalari va Yoshlar ishlari agentliklari rahbarlari ishtirokidagi sho‘’ba yig‘ilishlari bilan davom etdi.
– Bilasizmi, islom sivilizatsiyasi shunchalik boyki, bu ilmni to‘liq qamrab olish, tasvirlashning imkoni yo‘qdek, – dedi Ozarbayjon madaniyat vaziri Odil Karimli. – Islom tarixi bilan bog‘liq muhim voqealarni batafsil ifodalash uchun mislsiz kuch, imkoniyat va sa’y-harakat kerak. Binobarin, ushbu markaz yo‘laklari bo‘ylab sayr qilarkanmiz, bu maskanda ulkan ishlar qilinganiga guvoh bo‘ldik. Ushbu markaz nafaqat mintaqa, balki butun jahon hamjamiyati uchun foydali, deb o‘ylayman.
Bo‘lajak muhokama, munozaralar Markaziy Osiyo va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasida ma’naviy hamkorlikning yangi sahifasini ochadi. Taklif etilgan g‘oya va tashabbuslar barqaror taraqqiyot, o‘zaro hurmat va ma’naviy yuksalish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
O‘.Alimov, N.Haydarov (surat), O‘zA