Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent kimyo-texnologiya instituti – inson manfaatlariga xizmat qiladigan ta’lim muassasasiga aylanadi
19:13 / 2022-01-12

O‘tgan yilning yakunida Oliy ta’lim tizimida samarali o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, Prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab yuqoridagi 35 ta yetakchi davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berildi. Ushbu OTMlar ro‘yxatida Toshkent kimyo-texnologiya instituti ham bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida “Toshkent kimyo-texnologiya instituti — moliyaviy erkinlik, mustahkam moddiy-texnik baza, raqobatbardosh ta’lim” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda institut rahbariyati joriy yilda institutda amalga oshiriladigan ishlar, istiqboldagi vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Xususan, Toshkent kimyo-texnologiya institutini xalqaro talablarga moslashtirish, tegishli bo‘limlar, kafedralardan olinadigan turli hisobot, ma’lumotlar sonini kamaytirish, hujjatlarning qog‘oz shaklidan voz kechish va boshqaruv tizimini raqamlashtirish maqsadida “Raqamli universitet” loyihasi doirasida barcha jarayonlarni raqamlashtirish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ilmiy salohiyatni yaxshilash, talaba-yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash va talabalar turar joylaridagi yashash xonalarini optimallashtirish, qulay sharoitlarni yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, “Oliy ta’lim — korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida Toshkent kimyo tenlologiya institutini “Korrupsiyadan holi institut”ga aylantirish, xalqaro hamkorliklar va qo‘shma dasturlar asosida akademik almashinuv loyihalarida institut professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirokini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Biz keyingi yildan boshlab super-kontraktga talaba qabul qilishdan voz kechishga harakat qilamiz. Chunki biz ta’lim sifatiga asoslangan «brend» yaratishni maqsad qilganmiz. Shu bois faqat iqtidorli va ishlab chiqaruvchilarga ma’qul keladigan nomzodlarni talabalikka qabul qilamiz, – dedi institut rektori Botir Usmonov. – Shuningdek, moliyaviy mustaqillik berilgan institutda keyingi o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt miqdori oshishi mumkin. Ammo bu faqat yangi qabul qilinadigan 1-kurs talabalariga taalluqli bo‘ladi. Institutning 2-4-kurs talabalarida kontrakt miqdori o‘zgarmaydi.

Anjuman davomida xalqaro akademik va ilmiy mobillik huquqiy asosga ega bo‘lib, buni keskin kengaytirish, “beriladigan” diplomlar, akademik va ilmiy darajalar “konvertatsiya” uchun keng imkoniyatlar yaratish, qolaversa, ta’lim dasturlarini xalqaro miqyosda uyg‘unlashtirish, institutni xalqaro reytinglarga kirish imkoni yaratish yuzasidan ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, dars mashg‘ulotlariga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish imkonini oshirish, xalqaro hamkorlar bilan xalqaro akademik va ilmiy loyihalarni amalga oshirish ko‘lamini kengaytirish reja qilingan.

Anjuman yakunida institut rahbariyati, 400 ga yaqin professor-o‘qituvchilar va mehnatkash ishchi xodimlar jamoasi institutda yashil va raqamli texnologiyalarni yaratish, eng muhimi, inson manfaatlari uchun xizmat qiladigan oliy ta’lim muassasasiga aylantirish yo‘lida o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yganliklarini alohida ta’kidladilar. 

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA