Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanning ochilish marosimida ishtirok etgan Butunjahon suzish federatsiyasi (World Aquatics) raisi, Osiyo Olimpiya kengashi Bosh direktori Husayn Al Musallam 46-Bosh Assambleya yig‘ilishida qatnashayotgan qit’a mamlakatlari sport tashkilotlari vakillarini, delegatlarni qutlab, O‘zbekistonda mazkur tarixiy yig‘ilishning tashkil etilayotgani olamshumul ahamiyat kasb etishini bildirdi.

Shundan so‘ng Xalqaro antidoping tashkiloti (WADA) prezidenti Vitold Banka, "Harbin-2024" IX Qishki Osiyo o‘yinlari bo‘yicha vitse-prezident, OOK Sport masalalari qo‘mitasi raisi hamda bir qator davlatlarning Olimpiya qo‘mitasi rahbarlari hisobotlari tinglandi.
—Keyingi 2-3 yil oralig‘ida O‘zbekistonda xalqaro ahamiyatga ega tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Osiyo Olimpiya kengashining tarixiy 46-Bosh Assambleyasi va uning doirasidagi tadbirlar sababli yana bu go‘zal va betakror yurtga tashrif buyurganimdan juda xursandman. Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashining yangi prezidenti saylanishi nafaqat qit’a, balki dunyo sporti, Olimpiya harakatining yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Assambleya yig‘ilishida qatnashayotgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jolud.
Kongress ishtirokchilariga Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Kirsti Koventri onlayn tarzda tabrik yo‘llab, Toshkent anjumani Osiyodagina emas, jahon olimpiya harakatining muhim yuksalish pallasini boshlab berayotgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi. Doimiy muloqot, iliq munosabatlar tinchlik, do‘stlik ramzi bo‘lgan sport harakatini, olimpiya g‘oyalarini xalqaro maydonda yanada keng yoyilishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini aytib o‘tdi.
Anjuman o‘z ishini davom ettirmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev,
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA