French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent jahon diplomatiyasi markaziga aylandi
15:24 / 2025-04-15

1889 yilda tashkil etilgan Parlamentlararo Ittifoq parlamentlararo muloqotni kuchaytirish, qonunchilik sohasida tajriba almashish va global muammolar yechimida qonun chiqaruvchi organlarning o‘rnini mustahkamlash borasida tizimli faoliyat yuritib kelmoqda.

2025 yilning 5-9 aprel kunlari poytaxtimizda Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi o‘tkazildi va unda 140 davlatdan 2000 ga yaqin delegat, shu jumladan 740 nafar parlament a’zosi, 50 dan ortiq xalqaro va kuzatuvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

«Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun Parlament harakati» mavzusidagi 150-assambleya kun tartibidan global taraqqiyot uchun muhim bo‘lgan aholini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar muhokama qilindi. Assambleya so‘ngida Parlamentlararo Ittifoqning rezolyutsiyalari va Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Assambleya doirasida 70 ga yaqin turli tadbirlar o‘tkazilib, ularda gender tenglik, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar salomatligini saqlash, ekologiya va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan assambleyaning maxsus yalpi majlisidagi nutqida ilgari surilgan muhim tashabbuslar Parlamentlararo Ittifoq a’zolari tomonidan yuqori baholandi. Davlat rahbari Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni ijobiy natija berishiga umid bildirdi hamda Falastin – Isroil nizosini hal etishning yagona va adolatli yo‘li “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirish ekanini ta’kidladi. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligi qayd etildi.

Yurtboshimiz to‘xtalib o‘tgan yana bir muhim masala bu, iqlim o‘zgarishi bo‘ldi. Darhaqiqat, sayyoramizni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash bilan birga, mazkur o‘tish jarayonini tezlashtiradigan va barqaror rivojlanishni ta’minlaydigan mexanizmlarni yaratish parlament a’zolari oldidagi eng muhim vazifadir. Chunki, uning ayanchli oqibatlari, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Parij bitimi doirasida va uglerod neytralligiga erishish borasida o‘z zimmamizga olgan majburiyatlarni to‘liq bajarish har qachongidan ham muhimdir.

Tahlilchilarning fikricha, bugun dunyoning 100 dan ziyod hududida harbiy nizolar davom etyapti. Shu bois ham tarixiy murojaatda ming-minglab oilalarga ayriliq dardini olib kirgan nizoli holatlarga alohida urg‘u berildi. Xususan, Ukraina inqirozi Prezidentning fikricha, BMT rahbarligida, amaldagi xalqaro huquq normalari asosida hal etilishi kerak.

Assambleyaning yakuniy yalpi majlisida Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi prezidenti, O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga chuqur minnatdorlik bildirdi. U o‘z nutqida mazkur anjuman nafaqat tarixiy sanani nishonlash bilan ahamiyatli bo‘lganini, balki parlamentlararo hamkorlikning yangi davrini boshlab berganini qayd etdi.

Yakuniy yalpi majlisda Parlamentlararo Ittifoqning prezidenti Tuliya Ekson va bosh kotibi Martin Chungong ham so‘zga chiqib, assambleya dunyo parlamentlarini bir yuz elliginchi marta bir joyda to‘plagan tarixiy voqea sifatida o‘zining ahamiyatini namoyon etganini, O‘zbekiston tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratilganini va tashkiliy ishlar yuqori darajada amalga oshirilganini alohida e’tirof etdi.

Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yakunida Global parlament hamjamiyati ijtimoiy taraqqiyot va adolat yo‘lida parlament harakatlariga bag‘ishlangan muhim hujjat – Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda ijtimoiy taraqqiyot borasidagi sa’y-harakatlarni yangilab borishga qaratilgan ishlar, mavjud va yuzaga kelayotgan masalalarga birgalikda yechim topish zaruriyati ta’kidlangan. Mazkur deklaratsiyada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasidagi nutqida ilgari surgan tashabbuslar qamrab olingan.

Shuningdek, assambleyada ikkita muhim rezolyutsiya qabul qilindi: “Falastinda ikki davlatli yechimni ilgari surishda parlamentlarning roli” va “Barqaror rivojlanishga qarshi qurolli mojarolar ta’sirini yumshatish bo‘yicha parlament strategiyalari”.
Parlamentlararo Ittifoqning assambleyasi O‘zbekistonning dunyo parlamentarizmidagi yetakchiligini namoyon etdi. Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasining Toshkent deklaratsiyasi esa global ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun “yo‘l xaritasi” bo‘lib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari Parlamentlararo Ittifoq assambleyasida nutq so‘zlab, parlamentarizm global siyosatda qudratli vosita sifatida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Haqiqatan, aynan parlamentlar xalqlarni bog‘lovchi, o‘zaro totuvlik va chinakam hamjihatlikni rivojlantiruvchi ko‘prik bo‘lishga qodir. Prezidentimiz ma’ruzasida jahon hamjamiyatini yanada rivojlantirish va sayyoramizda barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar ko‘rsatib berildi. Bu barcha davlatlar siyosiy manfaatlarini aks ettirishi bilan bir qatorda, insoniyat oldida turgan muhim muammolarni hal qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi o‘n yilliklarda dunyo bir qator global muammolarga duch keldi.

Jumladan, qurolli to‘qnashuvlar, terrorizm tahdidlari, ekologik ofatlar va iqtisodiy inqirozlar kabi beqarorlik yuz berdi. 

Bunday sharoitda barcha mamlakatlar parlamentlari tinchlik va xavfsizlikni saqlashda faol ishtirok etishi juda muhim. Xususan, diplomatiya va muzokaralar xalqaro kelishmovchiliklarni hal etishning asosiy vositasiga aylanishi kerak. O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz. Masalan, Yaqin Sharqda uzoq kutilgan tinchlikka “Ikki xalq uchun – ikki davlat“ tamoyilini amalga oshirish orqali erishish mumkin. Bu tamoyil butun xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan adolat va nizoni hal qilishni anglatadi.

“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati“ mavzusida o‘tkazilgan Assambleyaning turkum yig‘ilishlarida qator dolzarb masalalar, xususan, mehnat bozorida teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va kambag‘allikning asl sabablari bilan kurashish choralari muhokama markazida bo‘lgani, aholini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish masalasi ham atroflicha muhokama qilingani bilan ahamiyatli bo‘ldi. O‘zbekistonning mazkur tadbirga mezbonlik qilishi mintaqaviy yetakchilikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Shu orqali Toshkent Markaziy Osiyoning diplomatik markazlaridan biri sifatidagi nomini mustahkamlab oldi. Assambleya nafaqat siyosiy, balki madaniy va inson huquqlari masalalarida ham muhim platformadir. Bu O‘zbekistonning ushbu masalalardagi pozitsiyasini bayon etish va xalqaro tashabbuslarga aktiv ishtirok etish imkonini beradi, deb hisoblaymiz.

Baxtiyor Omonov,

O‘zbekiston milliy universiteti professori, siyosiy fanlar doktori.