Toshkent shahar iqtisodiy sudlariga joriy yil to‘qqiz oyida 113 mingdan ziyod da’vo arizasi va arizalar kelib tushgan. Ular qanday hal etildi?
Bu savolga Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov javob berdi:
– Kelib tushgan arizalardan 103 mingga yaqini ko‘rib chiqildi. 94 ming 370 tasi bo‘yicha da’vo talabi qanoatlantirildi. 6 mingga yaqini bo‘yicha da’vo talabini qanoatlantirish rad etildi. Mingga yaqini bo‘yicha ish yuritish tugatildi.
Aytib o‘tish kerakki, ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 31 foizga ko‘paygan.

Sud majlislarining tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini oshirish maqsadida ko‘rilgan ishlarning 36,6 foizi sudyalar tomonidan bevosita mahallalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda sayyor sud majlislarida hal etildi.
Xususiy tadbirkorlar, kichik biznes sub’ektlari va fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid 19 mingdan ziyod ish ko‘rilib, ular foydasiga 3,5 trillion so‘mdan ko‘proq undirish haqida sud qarorlari qabul qilindi.
Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya instansiyasida 1,5 mingga yaqin sud hujjati qayta ko‘rib chiqildi. Shundan 1,2 mingga yaqini o‘zgarishsiz qoldirilgan, 128 tasi o‘zgartirilgan, 161 tasi bekor qilingan.
Kassatsiya instansiyasida 739 sud hujjati qayta ko‘rib chiqildi. Shundan 558 tasi o‘zgarishsiz qoldirildi, 101 tasi o‘zgartirildi va 80 tasi bekor qilindi.
Taftish instansiyasida 585 sud hujjati qayta ko‘rib chiqildi. Shundan 528 tasi o‘zgarishsiz qoldirildi, 23 tasi o‘zgartirildi va 34 tasi bekor qilindi.
Birinchi instansiyada qabul qilingan sud qarorlarining atigi 2,1 foizi bo‘yicha keltirilgan shikoyat va protestlar asosida Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarida qaytadan ko‘rildi.
97,9 foiz ishlar bo‘yicha sud qarorlari ustidan shikoyat (protest) keltirilmadi. Ya’ni, bu ishlar bo‘yicha qabul qilingan sud qarorlaridan ishda ishtirok etgan taraflar to‘liq rozi bo‘lgan.
Birinchi instansiya sudlari tomonidan ko‘rilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarining yuqori instansiyalarda atigi 0,27 foizi bekor qilinib, yangi qarorlar qabul qilindi. 0,25 foizi esa o‘zgartirildi, qolgani bo‘yicha qarorlar kuchida qoldirildi yoki shikoyat kelib tushmagan.
Ushbu davrda atrof-muhit ifloslantirilgani va chiqindilar joylashtirilgani uchun kompensatsiya to‘lovini undirish haqida da’vo summasi 29 milliard so‘mlikdan ortiq 339 ish ko‘rildi. Shundan 300 tasi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirildi. 1,6 milliard so‘mdan ziyod kompensatsiya to‘lovlari undirib berildi.
Elektr energiyasi haqini undirish to‘g‘risidagi da’vo arizalar bo‘yicha umumiy da’vo summasi 140 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 634 ish ko‘rildi. Shundan 528 ariza qanoatlantirildi va 50,3 milliard so‘mdan ziyodroq elektr haqi undirildi.
Tabiiy gaz haqini undirish to‘g‘risidagi da’vo arizalari bo‘yicha umumiy da’vo summasi 14 milliard so‘mga yaqin bo‘lgan 105 ish ko‘rildi. Shundan 75 ariza qanoatlantirildi va 10 milliard so‘mga yaqin mablag‘ undirib berildi.
Ishlarni ko‘rish jarayonida aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan jami 226 ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA