“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan poytaxt iste’molchilarini barqaror issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Toshkent IEMda har birining quvvati 32 MVt bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmasi bunyod etilmoqda.
Bugun bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari ushbu markazda bo‘lib, bu yerdagi amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi doirasidagi ishlar bilan tanishdi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan tashkil etilgan press-turdan ko‘zlangan maqsad energetika sohasida olib borilayotgan ishlar, xususan, poytaxtliklarni uzluksiz elektr va issiqlik energiyasi bilan bilan ta’minlash chora-tadbirlarini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan.
Toshkent issiqlik elektr markazi bosh muhandisi Umid Risqulov press-tur ishtirokchilariga hamrohlik qilib, bu yerdagi qizg‘in ish jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi:
–Energetika tizimida bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Toshkent issiqlik elektr markazidagi umumiy qiymati 115 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihasi ham ulardan biridir. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi qarori ijrosi doirasida har birining quvvati 32 MVt bo‘lgan ikkita gaz turbinasini qurish loyihasi bo‘yicha ishlar qizg‘in davom etmoqda. Loyiha 2024 yilning birinchi choragida ishga tushishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar qurilish-montaj ishlari 97 foizga bajarilgan.
Ushbu loyiha Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi bosh pudratchiligi asosida amalga oshirilmoqda. Hozir ishlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida qurilish maydonchasida 600 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda 50ga yaqin texnikalar ishlamoqda.
[gallery-15174]
E’tiborlisi, bu yerda Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasida ishlab chiqarilgan ikkita gaz turbina va Turkiyadan ikkita qozon qurilmalari olib kelib o‘rnatilgan. Eng zamonaviy va energotejamkor qurilmalar qo‘llanilishi natijasida kam yoqilg‘i sarflab ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida, markaz tomonidan yiliga qo‘shimcha 515,6 million kilovatt soat elektr va 690,3 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Bunda yuqori tejamkor zamonaviy texnologiyalar evaziga yiliga 219 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.
Atrof-muhitga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 200,5 tonnaga kamayishiga erishiladi. Ushbu gaz turbina qurilmalari ishga tushirilishi natijasida, elektr markaz tomonidan 40 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, korxonamizda bu ishlar barobarida bino va inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida umumiy sig‘imi 3400 litr bo‘lgan jami 17 dona quyosh suv isitish qurilmalari, quvvati 505,6 kVtga teng quyosh fotoelektr stansiyasi bunyod etildi. Ichki va tashqi hududlarni avtonom yoritish tizimiga o‘tkazish maqsadida 160 dona quyosh panelli yoritish chiroqlari, 70 dona sensorli harakat datchiklari hamda elektrodvigatellarni optimal yuklamalarda ishlashini ta’minlash hisobiga ortiqcha elektr energiyasi sarfini oldini olish uchun 2 dona chastota o‘zgartirgich qurilmalari o‘rnatildi. Ushbu o‘rnatilgan quyosh panellari va suv isitish qurilmalarida ishlab chiqarilgan “yashil energiya” markazning o‘z ehtiyojlariga yo‘naltirilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA