Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent haqida yangi asar
17:11 / 2021-10-07

Toshkentning qadimgi tarixi, xonliklar davri, odamlarning yashash tarzi, tirikchiligi, qiziqishlari haqida yozuvchi hamda tarixchilar tomonidan ko‘plab asarlar yozilgan. Ammo ularning aksariyatida 19- hamda 20- asrlardagi poytaxt hayoti aks etgan. Abdujabbor Obidovning “Buyuk Shosh yoxud ko‘hna Toshkand devori” nomli romanida esa poytaxtning 18- asrdagi hayoti aks ettirilgan.

1953 yilda poytaxtning Labzak dahasida tug‘ilgan Abdujabbor akaning asli kasbi injener- texnolog bo‘lsada, ammo adabiyotga kuchli mehri sabab bir nechta asarlar ijod qilib, o‘quvchilarga taqdim etdi. U o‘z oldiga Toshkent va toshkentliklar haqida asar yozishni maqsad qilib qo‘yadi va shu yo‘lda izlanishlar olib boradi. Va nihoyat  yaqinda uning “Buyuk Shosh yoxud ko‘hna Toshkand devori”  nomli asari chop etildi.  

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ushbu kitobning taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tarixshunos olimlar, adabiyot ixlosmandlari, talabalar hamda yozuvchi shoirlar ishtirok etishdi.  

– Abdujabbor iqtidorli injener bo‘lishiga qaramay ancha yillardan buyon publitsistika yo‘nalishida g‘ayrat bilan ijod qilyapdi, –deydi O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov. –Yangi-yangi asarlarini nashriyotlarga taqdim etyapdi. Uning tarixiy romani biz uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Uch kun ichida ushbu romanni o‘qib chiqdim. Romanda 18- asrda yashagan Toshkent va toshkentliklar qiyofasi juda ta’sirli va esda qolarli obrazlar orqali yoritib berilgan. Ushbu asarni Abdulla Qahhor, Oybek, Maqsud Shayxzodalarning Toshkent haqida yozgan asarlarining davomi deb bildim. Toshkentliklar qanday xalq bo‘lgan,degan savolga kitobdan bemalol javob olishingiz mumkin.  

Tadbirda so‘zga chiqqan tarixchi olimlar mazkur asarning yozilish tarixi, foydalanilgan adabiyotlar, izlanishlar jarayonlari haqida to‘xtalib o‘tishdi.  

– To‘g‘ri, Toshkent haqida yozilgan asarlar bor, ammo ular juda kam,  –deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad. – Biz ijodkorlar poytaxtning asl obrazini yaratib beradigan tarixiy asarlar yozishga  qarzdormiz, deb bilaman. Bu qarzdorlikni qaysidir ma’noda Abdujabbor uzdi. Asarning asosiy qahramoni, ya’ni o‘sha davrlarda poytaxtni boshqarib turgan Yunusxo‘ja ismli savdogar  bir-birlari bilan talashib, jiqqamush bo‘lib yashayotgan odamlarni hamjihatlikka undadi. Har bir odam yer olib, imorat ko‘tarishdan oldin devor quradi. Devori mustahkam qurilgan uylarning ichiga hech kim yomon ko‘z bilan nazar solmaydi. Mazkur asarda poytaxtda hashar yo‘li orqali qurilgan devorlarning har biriga alohida to‘xtalgan. Ammo o‘sha devorlarning har birida sevgi va muhabbat mujassam. Ikki yoshning  muhabbatidan  hikoya qiluvchi epizodlar qo‘shilgani uchun ham asar o‘qimishli chiqqan, deb o‘ylayman. Ko‘hna Toshkand devorining ichida hali biz ijodkorlar o‘rganishimiz, yoritishimiz kerak bo‘lgan gaplar juda ko‘p.  

Tadbir davomida talabalar, yosh tarixchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan ijodkorlar bilan fikr-mulohaza almashdi.

 

Nigora Rahmonova, O‘zA