Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent gimnastika musobaqalari markaziga aylanmoqda
15:17 / 2025-11-17

Mamlakatimiz gimnastikachilari xalqaro musobaqalarda munosib natijalarga erishish bilan bir qatorda yurtimizda tashkil etilayotgan turnir va chempionatlarda o‘z iqtidorini namoyish etmoqda.

Joriy yilning yakunlanishiga bir yarim oyga yaqin vaqt qolganda poytaxtimiz Toshkent haqli ravishda yirik gimnastika musobaqalari markaziga aylanadi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan uchinchi yildirki, jahonning eng sara gimnastikachilari poytaxtimizda o‘tkazilayotgan turnirlarda qatnashib, O‘zbekiston gimnastika sport turlarini rivojlantirishning Osiyodagi yetakchi markazi sifatidagi mavqeiga guvoh bo‘lmoqda.

Joriy yilning 20-21 noyabr kunlari gimnastika bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston” turniri o‘tkazilsa, 26-28 noyabrda Toshkentda akrobatika gimnastikasi bo‘yicha “Osiyo yulduzlari” musobaqalari yana bir karra jahon gimnastikasining yetakchi vakillari nigohini O‘zbekistonga qaratadi.

Qish faslining ilk kunlari, ya’ni 3-4 dekabrda poytaxtimizda batutda sakrash bo‘yicha “Osmon ustida” xalqaro turniri o‘tkaziladiki, ushbu ajoyib musobaqa yilning eng qiziqarli voqealaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Shundan so‘ng badiiy gimnastika musobaqalari estafetani qabul qilib oladi. 9-12 dekabr kunlari turli yosh toifalaridagi qiziqarli bahslar gimnastikaning kuch, moslashuvchanlik va murakkab, hayratlanarli kombinatsiyalarini muxlislarga tortiq etadi.

Dasturdan o‘rin olgan Prezident kubogi doirasidagi “Gimnastika hamma uchun” musobaqalarida barcha viloyatlar jamoalarining rang-barang, teatrlashtirilgan chiqishlari ming nafardan ortiq sportchilarni bir maqsad – sog‘lom turmush tarzi tadbirlarida jam etdi.

Yilning so‘nggi oylaridagi musobaqalar orasida “Prezident Olimpiadasi”ning final bosqichi alohida o‘rin tutadi. Uning saralash bosqichi hisoblangan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” bahslari yil davomida eng iqtidorli gimnastikachilarning jiddiy tanlovi maqomini oldi.

Mazkur sport tizimida saralangan 18 nafar eng yaxshi gimnastikachi 26 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Prezident olimpiadasi” o‘yinlarida o‘z hududi sharafini himoya qiladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA