Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent forumi SHHT ayollari faolligini yangi bosqichga ko‘taradi
20:12 / 2022-08-19

Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Xotin-qizlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tashkilotga a’zo 8 davlat – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Hindiston, Xitoy yetakchi xotin-qizlari onlayn va oflayn tarzda ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘tgan 21 yil davomida uzoq evolyutsion yo‘lni bosib o‘tgani, o‘zini mintaqada xavfsizlikni ta’minlash, barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishishga ko‘maklashuvchi samarali tuzilma sifatida namoyon qilgani, tashkilotning xalqaro maydondagi roli va o‘rni tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi.

A’zo davlatlar hukumatlari tashabbusi, xotin-qizlar harakati va tashkilotlari faolligi tufayli keyingi yillarda SHHT doirasida ayollar hamkorligi imkoniyati kengaydi. Ularning faol muloqoti, jumladan, SHHT Xotin-qizlar forumi yo‘lga qo‘yildi.

[gallery-8418]

Ishtirokchilar tomonidan ayollarning teng huquqliligi, siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi to‘laqonli ishtiroki mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishi hamda SHHTga a’zo davlatlarda jamiyatni demokratlashtirish va barqarorlikni ta’minlashning muhim sharti sifatida qaralayotgani qayd etildi. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakat sezilarli jadallashdi. Xususan, mamlakatda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

“Hech bir ayol davlat va jamiyat e’tiboridan chetda qolmaydi” tamoyili barcha sohalarga qat’iy joriy etildi. 40 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. O‘zbekiston va BMT hamkorligida “Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti” yo‘lga qo‘yildi. Natijada mintaqa xotin-qizlari o‘rtasida aloqa kengayib, chinakam do‘stlik rishtalari o‘rnatildi.

Qayd etilganidek, forum – Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladigan eng muhim yo‘nalishlardan biri. Ya’ni, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar huquq va imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha SHHT maydonida hamkorlikni yanada rivojlantirish – tajriba almashish, muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish choralarini ko‘rish, mavjud aloqani mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Ma’ruzachilar bunday uchrashuvlar ayollarning SHHT faoliyatida munosib ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Forumda SHHT bosh kotibi Chjan Min onlayn nutq so‘zlab, jahon miqyosida adolatni ilgari suruvchi mazkur tashkilot faoliyatida ayollarning o‘rni alohida ekaniga urg‘u berdi.

– Hozir juda ko‘p davlatlar jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda, – dedi Chjan Min. – Jumladan, tashkilotimiz ham ayni yo‘nalishda, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy sohada ayollarga yuksak ishonch bildirib, salmoqli yutuqlarga erishdi. Umuman, jamiyatda ayollar mavqeini bundan-da oshirish bizning asosiy vazifalarimizdan biri. Zero, xotin-qizlar nafaqat oilada, balki turli sohalarni rivojlantirishda ham muhim o‘rin egallaydi. Joriy yil iyul oyida Markaziy Osiyoning ba’zi davlatlariga tashrifim chog‘ida ayollar har xil yo‘nalishda faoliyat bilan bandligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, ayollar siyosatga, davlat qurilishiga keng jalb etilganiga guvoh bo‘ldim. Eng muhimi, ularning faolligi tufayli muayyan mamlakatlar ko‘plab ijobiy natijalarga erishmoqda. 2019 yil Dushanbe shahrida o‘tkazilgan forumda iqtisodiy sohada ayollar ishtirokini kengaytirish va bu boradagi muammolarni hal qilishga e’tibor qaratilgan edi. Bugun esa SHHTga a’zo davlatlarda to‘liq gender tenglikni ta’minlash kun tartibidagi asosiy masalalardan biri etib belgilangan. Endigi vazifamiz mavjud muammolarga yechim topish uchun sa’y-harakatni birlashtirish, mavjud imkoniyatlarni yo‘naltirish.

Anjuman davomida ishtirokchilar alohida sessiya yig‘ilishlarida turli mavzularni muhokama qilishdi. Masalan, ijtimoiy va siyosiy hayotda muhim rol o‘ynaydigan qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlar ishtiroki bo‘yicha a’zo mamlakatlar parlamentlaridagi ayollar – siyosat sohasi va jamoat arboblari, fuqarolik jamiyati vakillari gender siyosati masalasini tahlil etishdi, o‘zaro tajriba almashishdi, istiqboldagi rejalar bilan o‘rtoqlashdi.

“Ayollar tadbirkorligining SHHT mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasi” mavzusi ham ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘ldi. Bu guruhda xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtiroki, ularga qulay shart-sharoit yaratish, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, “Innovatsiya va raqamli iqtisodiyot – jamiyat barqaror rivojlanishini ta’minlashning muhim omili”, “SHHT mamlakatlarining barqaror va inklyuziv rivojlanishida xotin-qizlar roli”, “Pandemiya tahdidini yengib o‘tishda gender omilining hissasi” mavzulari ham qamrab olindi.

Sessiyalar yakunida barcha tomonlar muhokama qilingan masalalar yuzasidan doimiy hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

Yakunda birgalikdagi sa’y-harakatni yanada faollashtirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, o‘zaro munosabatni kengaytirishda xotin-qizlar salohiyatini to‘liq safarbar etish, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni, SHHT makonida insonparvarlik g‘oyalarini mustahkamlashga asos bo‘luvchi qo‘shma kommyunike qabul qilindi.

Go‘zal SATTOROVA, O‘zA