Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan "UzChess Cup-2025" xalqaro turnirda mamlakatimiz shaxmatchilari sovrinli o‘rinlarni egalladi. G‘oliblik Hindiston, Gretsiya va Turkmaniston vakillariga nasib etdi. Jahon shaxmat ishqibozlari e’tiboridagi nufuzli turnirda tuplangan tajriba o‘zbek shaxmatining “oltin avlodi”ga katta tajriba maktabi bo‘ldi.
Turnirining so‘nggi 9-turi har jihatdan murosasiz kechdi. "Masters" guruhida g‘olibni aniqlash qo‘shimcha o‘yinlar holatigacha yetib keldi. Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa va Javohir Sindorov bir xil ochko jamg‘arishi, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar holatida ham tenglikka ega bo‘lishi natijasida ular o‘rtasida qo‘shimcha o‘yinlar bo‘lib o‘tdi.

3 daqiqalik va har yurish uchun 2 soniyalik qo‘shimcha vaqt beriladigan tay-brek blits o‘yinida hamyurtlarimiz Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov o‘zaro ro‘baro‘ keldi. Ular o‘rtasidagi bahs ikki marta durang bilan yakunlanganidan so‘ng, Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa bilan kuch sinashdi.
Qora donalarda bahsga kirishgan o‘zbekistonlik grossmeyster birinchi o‘yinda mag‘lub bo‘ldi. Ikkinchi o‘yinni oq donalarda boshlagan hamyurtimizga omad keldi va juda hayajonli bahsda yuksak mahorati tufayli g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Keyingi qarama-qarshilikda Javohir Sindorov qora donalarda Rameshbabu Praggnanandxadan ustunlikka ega bo‘ldi. Biroq keyingi o‘yinda imkoniyatni boy bergan Sindorov chempionlikni qo‘ldan chiqardi va baxslar qaytadan boshlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, mukofot jamg‘armasi 105 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning "Masters" guruhida hindistonlik Rameshbabu Pragganandha chempionlikni hamda mukofot jamg‘armasida belgilangan 20 ming AQSH dollariga ega chiqdi. Javohir Sindorov ikkinchi o‘rinni egallashi ortidan 15 ming AQSH dollari, Nodirbek Abdusattorov 3-o‘rinni egallash bilan birga 10 ming AQSH dollari sohibi bo‘ldi.

“Challengers" guruhida g‘oliblik 6,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan gretsiyalik Nikolas Teodoruga, 2-o‘rin 6 ochkoni qo‘lga kiritgan hamyurtimiz Muhiddin Madaminovga, 3-o‘rin 5,5 ochko jamg‘argan shvetsiyalik Vitaliy Sivukka nasib etdi.
“Futures" guruhidagi musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, 1-o‘ringa 6 ochkoga ega bo‘lgan turkmanistonlik Saparmurat Atabayev, 2-o‘ringa 5,5 ochko jamg‘argan hamyurtimiz Ortiq Nigmatov va 3-o‘ringa 5 ochkoli isroillik Yevgeniy Alekseyev ega chiqdi.

Dunyo shaxmat ishqibozlari e’tiborini to‘qqiz kun mobaynida Toshkentga qaratgan nufuzli musobaqa poyoniga yetdi. Mamlakatimiz yoshlarining eng tafakkuri keng yoshlari qatorida e’tirof etiladigan mahoratli shaxmatchilarimiz uchta guruhda ham g‘oliblikka yaqin kelgan vaziyatda sovrinli o‘rinlar bilan kifoyalandi.
O‘zbek shaxmatning “oltin avlodi” sanalgan shaxmatchilarimiz kuchlilar bilan bahslarda har jihatdan salohiyatli ekanligini namoyish etdi. Jahon shaxmatining eng nomdor vakillari Boris Spasskiy, Anatoliy Karpov, Garri Kasparov, Robert Fisher, Aleksandr Alexinlar darajasidagi “xarakterli” o‘ziga xos yurish holatlari shaxmat jozibasining 21-asrdagi eng yuqori san’atini namoyish etganligi mutaxassisu muxlislar tomonidan e’tirof etildi.

Umidimiz, “UzChess Cup-2025” musobaqalari jarayonida tuplangan tajriba, o‘yin amaliyoti joriy yilda o‘tadigan xalqaro turnirlarda, chempionatlarda, qolaversa, kelgusi yili mamlakatimizda o‘tadigan Butunjahon olimpiadasida o‘z so‘zini aytadi.

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbiri