French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent davlat yuridik universiteti: JESSUP bo‘yicha MDHda tengsiz maktab qanday yaratildi?
11:03 / 2026-02-16

So‘nggi yillarda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida nafaqat nazariy bilim, balki talabalarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) yana bir bor o‘zining yetakchiligini isbotladi.

Barchamizga ma’lumki, “Philip C. Jessup International Law Moot Court Competition” xalqaro huquq sohasidagi dunyodagi eng yirik va nufuzli musobaqa bo‘lib, unda har yili 100 ga yaqin mamlakatdan 800 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari jamoalari ishtirok etadi. Ishtirokchilarga xalqaro huquq bo‘yicha amaliy tajriba orttirish, murakkab huquqiy tahlil va sud jarayonlarida nutq so‘zlash mahoratini yuksaltirish imkonini beruvchi ushbu nufuzli bellashuvda TDYU jamoasi yana bir bor yuksak g‘alaba qozondi. Musobaqaning Markaziy Osiyo milliy raundlarida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan 19 ta jamoa ishtirok etgan bo‘lsa, final bosqichida TDYU vakillari Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti jamoasini mag‘lub etib, ketma-ket to‘rtinchi bor g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Ushbu muvaffaqiyat natijasida jamoamiz 2026-yilda AQShning Vashington shahrida o‘tkaziladigan xalqaro raundlarda mamlakatimiz sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.

Toshkentdan Vashingtongacha bo‘lgan bu yo‘l TDYU qanday qilib MDH hududida eng kuchli JESSUP maktabini qurganligini yaqqol ko‘rsatib beradi. Professor Alisher Umirdinov ta’kidlaganidek, hammasi 2019-yil 27-mart kuni American Airlines uchog‘ida Vashingtonga yo‘l olgan kichik bir jamoadan boshlangan edi. O‘shanda ilk bor AQSh tuprog‘iga qadam bosgan jamoa shunchaki namoyish (exhibition) uchun borgan bo‘lsa-da, ular g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq va unga olib boradigan yo‘l mutlaqo real ekanligini anglab yetishdi. Garchi keyinchalik pandemiya cheklovlari va ba’zi omadsizliklar ruhiyatga ta’sir qilgan bo‘lsa-da, universitet rahbariyatining qat’iy ko‘magi va jamoaning tinimsiz mehnati evaziga 2023-yildan boshlab g‘alabali seriyalar davom etib kelmoqda. Xususan, 2023 yilda jamoamiz ilk bor Oʻzbekiston milliy raundlari gʻolibi boʻlib, xalqaro bosqichlarda TOP 48 ga chiqdi va 41-oʻrinni egalladi. 2024 yilda natijani yanada yaxshilab, TOP 16 jamoa orasidan oʻrin egalladi. 2025-yilda esa AQShning dunyoga mashhur Virjiniya universiteti jamoasini mag‘lub etib, chorak finalgacha (TOP 8) yetib bordi hamda yozma ishlari uchun “Alona E. Avans Award” va “M. Cherif Bassiouni Award” sovrinlarini qolga kiritdi. Ushbu yutuqlarni Oʻzbekiston yuridik ta’limi tarixidagi nihoyatda muhim va yuksak natijalar sifatida e’tirof etish mumkin.

 

TDYUning ushbu muvaffaqiyati zamirida sog‘lom avlodlar almashinuvi va tizimli yondashuv yotibdi. 2019-yildagi ilk jamoa a’zolarining 80 foizi bugun universitetda dars bermoqda va o‘zlarining qimmatli tajribalarini yoshlarga samarali yetkazib, o‘ziga xos “Jessup maktabi”ni yarata oldilar. Shu bilan birga, Yesemurat Kanyazov Rahim Hakimov, Akbar Toshqulov, Islombek Rustambekov va Baxshillo Xodjayev  kabi rahbarlar silsilasi talabalarga strategik moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib kelishdi.

Shuningdek, jamoamizning muvaffaqiyatiga bevosita hissa qo‘shgan 
professor-o‘qituvchilarning xizmatlari ham alohida e’tiborga ega. Xususan, professor Sebastyan Lafrance, professor Steven M. Schneebaum, shuningdek, Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi Axrorxon Nabirayevlar, aytish mumkinki, TDYUning zafarli tarixi asoschilari bo‘lishdi. Xususan, Dildora Umarxanova va Sayidkomil Ibodullayevlarning tashabbus va fidokorona 
sa’y-harakatlari natijasida universitetda Jessup musobaqalari darajasida hakamlik tajribasiga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar jamoasi shakllantirildi. Ushbu professional muhit talabalarning xalqaro standartlar asosida chuqur va sifatli tayyorgarlik ko‘rishida muhim omil bo‘lib xizmat qildi

TDYUning ushbu tajribasi O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalari uchun o‘ziga xos “master-klass” bo‘lib, chinakam ilmiy va amaliy taraqqiyot faqatgina akademik erkinlik hamda intellektual boshqaruv mavjud joyda yuz berishini isbotlamoqda. 2026-yilgi jamoamizga AQShdagi navbatdagi bahslarda ham g‘oliblik an’anasini davom ettirishlarini tilab qolamiz.

Amirjon Mardonov,

Huquq va texnologiyalar sho'basi o'qituvchisi