Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent davlat tibbiyot universiteti talaba yoshlar bo‘yicha tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi
18:29 / 2025-08-12

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalari majburan harbiy harakatlar hududiga yuborilmoqda” mazmunidagi xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent davlat tibbiyot universiteti rasmiy munosabat bildirdi.

Unda ta’kidlanishicha, tilga olinayotgan talabalar O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturi doirasida o‘qishga qabul qilingan. Mazkur dasturga muvofiq, talabalar 4 va 5-bosqich ta’limini Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida joylashgan Privoljsk tibbiyot tadqiqot universitetida (PIMU) davom ettirishlari shart.

Talabalar bilan rasmiy shartnomalar tuzilgan bo‘lib, unda ular PIMUda ta’limni yakunlash majburiyatini olgan. Hozirda mazkur universitet O‘zbekistonning 5 ta oliy ta’lim muassasasi bilan 12 ta qo‘shma dasturni amalga oshirmoqda. Bugungi kunda 400 dan ziyod yurtdoshimiz mazkur universitetda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olmoqda.

Talabalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida TDTU rektori Sh.Boymurodov va PIMU rektori N.Karyakin o‘zaro kelishuvlarga erishgan.

Jumladan, o‘zbekistonlik talabalar uchun alohida yotoqxona ajratish; 

avval shartnoma shartlarini bajarmagan va o‘qishdan chetlatilgan talabalarni akademik yilni yo‘qotmasdan o‘qishga qayta tiklash imkoniyatini berish;

hamkorlik dasturi talabalari uchun alohida dekanat tashkil etish va ularni doimiy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish belgilangan.

Shuningdek, talaba va ularning ota-onalari bilan 2025 yil 11 avgust kuni o‘tkazilgan uchrashuvda hamkor universitetdagi ta’lim jarayoni, yashash sharoitlari va yuborish tartibi batafsil tushuntirilgan.

Rasmiy munosabatda ta’kidlanishicha, talabalarning Qozog‘istonga o‘qishini ko‘chirish haqidagi ma’lumotlar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, Nijniy Novgorod shahrida harbiy holat e’lon qilingani to‘g‘risidagi xabarlar asossizdir – Rossiyaning mazkur hududida rasman harbiy holat joriy etilmagan.

Aksariyat talabalar ta’limni davom ettirish niyatida ekanini bildirgan bo‘lsa-da, ba’zi talabalar shartnoma shartlarini buzgan holda, noqonuniy ravishda Toshkentda qolishga urinayotgani aytilgan.

Universitet bayonotida yolg‘on axborot tarqatayotgan shaxslar haqida huquqiy choralar ko‘rilishi mumkinligi ta’kidlangan. Shu munosabat bilan jamoatchilik va OAVga faqat rasmiy manbalarga tayanish tavsiya qilingan.

M.Qosimova tayyorladi, O‘zA