Xalqaro tajribani o‘rganish, rivojlangan mamlakatlar bilan keng hamkorlik qilish tibbiyot rivoji uchun muhim omillardan sanaladi. Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimizda shifokorlarning chet el klinikalarida stajirovka o‘tashi, malaka oshirishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xorijlik malakali shifokorlarning yurtimizga kelib, talaba-yoshlar hamda mahalliy shifokorlar uchun mahorat darslari o‘tishiga sharoit yaratilmoqda.
Shuningdek, yurtimizning tajribali shifokorlari ham qo‘shni mamlakatlarda bo‘lib, o‘z bilim va mahoratlari bilan o‘rtoqlashmoqda.
Ayni kunlarda Toshkent davlat stomatologiya instituti professor-o‘qituvchilari Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan "Ortopedik stomatologiyaning klinik muammolari" mavzuidagi konferensiyada ishtirok etmoqda.
Institut kafedra mudiri, professor Nig‘mon Xabilov va professor Murod Safarov "Stomatologik kasalliklarni ortopedik davolash usullari. Olib bo‘lmaydigan konstruksiyali tish protezlarini tayyorlashda klinik-laborator bosqichlari", "Protezlashning barcha bosqichlaridagi xato va asoratlar" mavzuida ma’ruza qildi.
Shuningdek, "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan milliy tish implantni ishlab chiqarish. Klinik ortopedik stomatologiyada apparatli tashxislash usullari va uning ortoped stomatolog amaliyotidagi ahamiyati" mavzuida amaliy mahorat darsini o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent davlat stomatologiya instituti xalqaro ISO sertifikatiga ega. Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lib, institut bitiruvchilarining diplomi jahon miqyosida tan olinadi.
Yaqinda Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting tashkiloti – Times Higher Education agentligi e’lon qilgan "World University Rankings – 2023" reyting natijalarida respublikamizning 18 ta oliy ta’lim muassasasi “reporter” maqomida qayd etildi. Quvonarlisi, ular orasida Toshkent davlat stomatologiya instituti ham bor. Ushbu reytingda universitetlarning 4 ta yo‘nalishdagi samaradorlik ko‘rsatkichlari: o‘qitish, tadqiqot, ta’lim sifati va xalqaro istiqbollari baholanadi.
M.Qosimova, O‘zA