Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent davlat pedagogika universitetiga 3 ming 62 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan
18:44 / 2023-07-12

Milliy matbuot markazida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan 2023-2024 o‘quv yili qabul parametrlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda qayd etilganidek, hozirgi kunda universitetda 1 ming 200 nafar pedagog, jumladan, 55 nafar fan doktori va 400 ga yaqin fan nomzodi 25 mingdan ortiq talaba-yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Universitetda 13 ta fakultet va 52 kafedra mavjud. Pedagogika va psixologiya fakultetida hozirgi kunda amaliy psixologiya hamda pedagogika ta’lim yo‘nalishlari mavjud. Maxsus pedagogika va inklyuziv ta’lim fakultetida 3 ta ta’lim yo‘nalishi – surdopedagogika, oligofrenopedagogika hamda logopediya yo‘nalishi bor.  

Universitetning maktabgacha ta’lim fakultetida hozirgi kunda 50 ga yaqin professor-o‘qituvchi 800 dan ziyod talabaga ta’lim berib kelmoqda. Shuningdek, tillar fakulteti, musiqiy ta’lim, fizika-matematika, professional ta’lim fakulteti, harbiy ta’lim, tarix, tabiiy fanlar, boshlang‘ich ta’lim, xorijiy tillar fakultetlari faoliyat yuritmoqda.  

[gallery-12752]

– Universitetimiz respublikamizda eng yetakchi oliygohlardan biri hisoblanadi, – dedi universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev. –Dargohimiz tashkil etilganiga ikki yildan so‘ng 90 yil bo‘ladi. O‘tgan vaqt ichida mamlakatimiz umumta’lim maktablari uchun 100 minglab o‘qituvchi kadrlarni yetkazib berdik. Universitetimizda ishlayotgan o‘qituvchilarning 50 foizdan ortig‘i yo fan doktori yoki fan nomzodi darajasiga ega. Bu ham dargohimizdagi ta’lim sifatiga yuqori darajada ta’sir ko‘rsatadi. Oldimizga qo‘ygan asosiy masalalardan biri umumta’lim maktablariga barcha fan o‘qituvchilarini oliy darajada tayyorlab berish.  

Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotiga ham biz malakali kadrlar tayyorlab beramiz. Universitetimizning kunduzgi, sirtqi, kechki va magistratura ta’lim yo‘nalishlarida 3 ming 62 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan. Qabul rejalari yildan-yilga ortib boryapti. O‘qish yo‘nalishlarimiz o‘zbek, rus va qozoq tillarida olib boriladi.  

Universitetimizdagi Tabiiy fanlar fakultetiga 2021 yilning noyabr oyidan boshlab bugungi kunga qadar respublika oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga yo‘naltirilgan loyiha asosida Islom taraqqiyot banki tomonidan 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ jalb qilindi. Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlardagi firmalar bilan hamkorlikda moddiy-texnik jihozlar olib kelindi va fakultetning yangi binosiga o‘rnatildi.  

Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA