Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro reytingda dunyoning TOP-300 universitetlaridan biri bo‘ldi
13:55 / 2024-06-13

Oliy ta’lim muassasalari uchun yil voqeasi sanalgan THE (Times Higher education) xalqaro reytingi natijalari e’lon qilingan edi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mazkur reytingda 2022 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Tashkil topganiga endigina 8 yil bo‘lgan universitet uchun bu muhim reytingga kirish va unda munosib ishtirok etish, tabiiyki, g‘oyat murakkab vazifa edi.  

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti sifatli ta’lim berish va o‘z yo‘nalishida dolzarb ilmiy tadqiqotlar olib borish barobarida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global muammolarga yechim topish, jamiyat hayotiga ijobiy ta’sir etish yo‘lida tizimli faoliyat olib bormoqda.  

Buning natijasi o‘laroq, 2022 yilda ilk ishtirokiga qaramay THE (Times Higher education) impakt reytingida ToshDO‘TAU 800+ natijani qayd etdi. 2023 yilda esa dunyoning TOP 600+ universitetlari qatoridan joy oldi. Bu yil uchinchi marta mazkur xalqaro reytingda ishtirok etgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 300+ o‘rinni egalladi. Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha jahonning eng yaxshi 10 ta universitetidan biri bo‘ldi. Universitet tomonidan gender notengligiga barham berish bo‘yicha maxsus platforma (https://tsuull.uz/en/content/the) ishga tushirildi, dolzarb mavzularda podkastlar, ochiq muloqotlar tashkil etildi.  

Boshqa indikatorlar bo‘yicha ham universitetning natijalari havas qilgulik. Masalan, Sifatli ta’lim berish bo‘yicha 201-300-o‘rin, tinchlik va adolatni ta’minlash yo‘nalishida 201-300-o‘rin, umumiy maqsadlar yo‘lida global hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha 601-800-o‘rin, qashshoqlikka barham berish bo‘yicha 54-o‘rin.  

Nafaqat talabalarning, balki butun jamiyatning e’tiborini dolzarb global muammolarga qaratish, imkon qadar strategik yechimlar taklif etish, o‘z loyihasiga va g‘oyalariga ega yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ToshDO‘TAUning asosiy missiyalaridan biridir.  

Tor ilm sohasiga ixtisoslashgan universitetlar uchun xalqaro reytinglarda ishtirok etish va ijobiy natija qayd etish juda murakkab. Ammo ToshDO‘TAU bu murakkab vazifani uddaladi. Ikki yillik natijalarga ko‘ra, milliy OTMlar orasida ToshDO‘TAU yetakchilikni qo‘ldan boy bermay kelmoqda. Buning hammasi universitet rahbariyatining to‘g‘ri strategiya asosida harakat qilayotgani, universitetda o‘qitish tizimi, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha aniq faoliyat olib borayotganidan dalolatdir.  

Ushbu katta natija universitet pedagoglari, ta’lim sifati va sog‘lom muhit uchun javobgar ma’muriyat vakillari, texnik xodimlar, ishtiyoqi baland talabalarning yakdil harakati samarasidir.  

N.Usmonova,  

O‘zA