O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023 yil 11 aprel kuni «Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari» yuzasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va qobiliyatlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Besh tashabbus olimpiadasi»ning 2024 yilgi mavsumini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida» 2024 yil 16 fevraldagi 28-sonli yig‘ilish bayonida belgilangan topshiriqlar ijrosi ta’minlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida ommaviy sport turlarini keng targ‘ib qilish, talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish va ularni sport bilan shug‘ullanishlari uchun zaruriy sharoit yaratib berish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning 27 sentyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2024/2025 o‘quv uchun «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida universitet talabalari o‘rtasida «Talabalar ligasi» sport musobaqalarining navbatdagi mavsumi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, TDIU rektori To‘lqin Teshabayev, 2024 yilgi Parij paralimpiyasida g‘olibi hamda rekordchisi va universitet bitiruvchisi Asila Mirzayorova, professor-o‘qituvchilar, sportchi talaba-yoshlar, OAV vakillari ishtirok etdi.


Tadbirning kirish qismida so‘zga chiqqan vazir K.Sharipov mazkur «Talabalar ligasi» sport musobaqalari kelgusida jahon arenalarida mamlakatimiz bayrog‘ini eng yuqorilarga ko‘taradigan sportchilar yetishib chiqishida muhim omil bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.


Shuningdek, universitet rektori T.Teshabayev Paralimpiyada chempioni va universitet bitiruvchisi A.Mirzayorovaga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

– Men mana shunday nufuzli oliygohda o‘qiganimdan faxrlanaman va meni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha ustozlarga rahmat aytaman, – dedi chempion A.Mirzayorova.


Sport — bu sog‘lom ijtimoiy-siyosiy muhitni tatbiq etishning eng yaxshi vositasi. Ayniqsa yoshlar orasida bu muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun O‘zbekistonda sport – ta’lim va tarbiyaning ajralmas bo‘lagi desak ham aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani keyingi yillarda ommaviy sport tadbirlarini, mana shunday yoshlar orasidagi musobaqalarni o‘tkazishga keng yo‘l ochmoqda. Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida start olgan mazkur sport tadbirlarining navbatdagi mavsumi talaba-yoshlarning sportdagi keng imkoniyatlarini kashf etishda alohida o‘rin tutadi.


Tadbirda ishtirok etgan elimiz suygan san’atkorlar ishtirokidagi chiqishlar talaba-yoshlarga o‘zgacha kayfiyat va ruh bag‘ishladi.
O‘zA