Shu kunlarda Toshkent davlat agrar universiteti o‘zining qutlug‘ 95 yilligini keng nishonlamoqda. 10-14 noyabr kunlari universitet bo‘ylab ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy haftalik e’lon qilingan. Bugun yubiley sana doirasida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bilan boshlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Qahramoni A.Eshmatov, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktor o‘rinbosari O.Amanov, “Parkent Plants” MCHJ rahbari Sh.Abrorov, “Navbahor” MFY raisi J.Rahmonov va boshqa taniqli bitiruvchilar ishtirok etdi. Tadbirni universiteti rektor N.Oblomuradov ochib berdi.

Bitiruvchilar universitet bilan bog‘liq iliq xotiralarini eslab, talabalar bilan ochiq muloqot qildi. “Har bir talaba bir ko‘chat eksin va Axborot-resurs markaziga bittadan kitob sovg‘a qilsin” tashabbusi ilgari surildi. “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi A.Ahmedjanova universitetda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, yangi binolar va talabalarga bo‘lgan e’tibor haqida faxr bilan so‘z yuritdi.


Tadbirning badiiy qismi “Bo‘ston” ansambli chiqishlari bilan yanada bayramona tus oldi. Shuningdek, “AgroTech–2025” Respublika startap tanlovi ham o‘tkazildi. Tanlov doirasida yosh innovatorlar tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalari, ratsionalizatorlik takliflari va zamonaviy ishlanmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.


Unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati haqida fikr almashdi. Muhimi, tanlov yoshlarning ilmiy-innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, agrar sohada ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.