Toshkent davlat agrar universitetida “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur oliy ta’lim maskani tashkil etilganining 95 yilligiga bag‘ishlab tashkil qilingan, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy yutuqlar va xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini namoyon etish maqsadini ko‘zlagan anjumanni universitet rektori, professor Narzullo Oblomurodov ochib berdi. Shundan so‘ng 95 yillik faoliyat qisqacha aks etgan hujjatli film namoyish etildi.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (G‘AO) bosh direktori Syuy Dun’yuy, shuningdek Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Vengriya va Janubiy Koreyaning yetakchi agrar universitetlari rahbarlari ishtirok etdi.
[gallery-26255]
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan konferensiyada ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish, iqlim o‘zgarishiga mos qishloq xo‘jaligi tizimini shakllantirish masalalari ham muhokama etildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasida esa talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda fermer xo‘jaliklari o‘z ishlanmalari va mahsulotlarini namoyish qildi.
Yubiley munosabati bilan xalqaro va mahalliy mehmonlar, akademiklar, professorlar, faxriy ustozlar, olim va mutaxassislar hamda soha fidoyilariga diplom, esdalik sovg‘alari, minnatdorlik maktublari topshirildi.
Tantana milliy va xalqaro musiqiy chiqishlar hamda do‘stona muloqot bilan davom etdi.
D. Hakimov, A. Alijonov (surat), O‘zA