Ekologik barqarorlik zamonaviy dunyoda eng muhim vazifalardan biri. Shunga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish, resurslardan oqilona foydalanish va biologik xilma-xillikni saqlash har bir jamiyat va shaxs uchun ustuvor maqsad bo‘lishi zarur.
Ekologik bilim va shu hududdagi faoliyatlarning barqarorligi kelajak avlodlar uchun sog‘lom va xavfsiz muhit yaratishda asosiy ahamiyatga ega.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va mahalliy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent Botanika bog‘ida o‘tkazilgan keng ko‘lamli ekologik tozalash aksiyasi ham shunday ezgu maqsadlarga qaratildi.

Unda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchixonalari vakillari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, maktab va universitet talabalari faol ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi axborot xizmati rahbari Malika Musayevaning qayd etishicha, ushbu tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan har yili amalga oshiriladigan global ekologik tashabbus - “Yashil diplomatiya haftaliklari”ning bir qismi sifatida tashkil etilgan.

–Har yili sentyabrdan noyabrgacha bo‘lgan davrda “Yashil diplomatiya haftaliklari” dunyo bo‘ylab Yevropa Ittifoqi delegatsiyalari va hamkor mamlakatlarda ekologik diplomatiyani targ‘ib qilish, shuningdek, global iqlim va biologik xilma-xillik masalalariga e’tiborni oshirish maqsadida turli ommaviy tadbirlarni o‘tkazadi. Bular orasida seminarlar, ko‘rgazmalar, tozalash aksiyalari hamda yoshlar, maktab va universitet talabalari uchun maxsus tadbirlar hamda nodavlat tashkilotlar, mahalliy hamjamiyatlar va biznes vakillari ishtirokidagi davra suhbatlari ham bor.
Bu gal o‘tkazilgan aksiya tadbiri ham ulardan biridir. Toshkent Botanika bog‘ida 2 000 dan ortiq turdagi o‘simlik mavjud. Tadbirning asosiy maqsadi tashrif buyuruvchilar va keng jamoatchilik orasida ekologik mas’uliyatni keng targ‘ib qilishdan iborat. Ekologiyani muhofaza qilish har bir shaxsdan, shahar aholisi va mehmonlardan boshlanadi va bu har kuni qabul qilinadigan muhim tanlovimizdir. Jamoatchilikning joylarni toza saqlashi umumiy mas’uliyat hisoblanadi. Hukumat va tashkilotlarning qat’iy harakatlari ahamiyatli bo‘lsa-da, har bir insonning hissasi ham shunchalik muhim, – dedi M.Musayeva.
Ta’kidlash joizki, mazkur qo‘shma sa’y-harakat Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA