English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Toshkent: besh tashabbus harakati – 2021” forumi ommalashib bormoqda
07:09 / 2021-05-24

Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Toshkent: besh tashabbus” harakatining uchinchi kunida yosh ishtirokchilar va mehmonlar bilan taniqli siyosatchilar, sportchilar va jamoat arboblarining uchrashuvlari tashkil etildi.

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, veb-sayt va telegram-bot orqali ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni allaqachon 65 ming kishidan oshdi.

23 may kuni Besh tashabbus harakati maydonida ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi, unda Qonunchilik palatasi Spikerining Raqamli rivojlanish va axborot siyosati masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Odiljon Tojiyev, shuningdek, deputatlar Rasul Kusherbayev va Doniyor G‘aniyevlar ham ishtirok etishdi.

Norasmiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlar siyosatchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Masalan, uchrashuv ishtirokchilari nima uchun deputat bo‘lishga intilib, hayotini siyosiy faoliyat bilan bog‘laydigan yoshlarning ulushi kam ekaniga qiziqishdi.

–Deputat degani bu qandaydir mansab emas, deputat bu ishonch degani, mamlakat odamlarining vakili sifatida siyosiy jarayonlarga qatnashish degani, – dedi D. G‘aniyev.

Muloqot davomida deputat Rasul Kusherbayev deputatlarni xalq tanimasligi, ularning ko‘rinish bermasligi haqida berilgan savolga javob berarkan, markaziy telekanallarni ko‘rishni tavsiya qildi.

Uzoq kutilgan uchrashuvlardan yana biri – Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning yoshlar bilan muloqoti bo‘ldi. Ishtirokchilar sobiq futbolchi va murabbiy, afsonaviy referi bilan yuzma-yuz muloqotdan behad xursand bo‘lishdi.

Ravshan Ermatov haqamlik faoliyatini qanday boshlagani, muvaffaqiyat sirlari haqida gapirib berdi:

– Men to‘ylarni, oilaviy tadbirlarni o‘tkazib yuborgandirman, lekin hech qachon mashg‘ulotlardan qolmaganman, – dedi R. Ermatov o‘z ishiga sodiqlik haqida gapirar ekan. – Men muvaffaqiyatga faqatgina kuchli xohish va mehnat bilan erishish mumkin, deb hisoblayman.

Shuningdek, taniqli referi faoliyatida duch kelgan qiyinchiliklari haqida hikoya qilib berdi:

– Men hakamlikni jangga qiyoslayman. Karera uchun o‘zini qurbon qilishga tayyor insongina haqiqiy hakam bo‘la oladi. Futbol shunaqa. U hamma yerda bir xil. Har bir o‘yindan keyin millionlab izohlar yoziladi. O‘zbekistonlik hakam jahon chempionati o‘yinlarini boshqarishi e’lon qilinganida 10 milliondan ortiq izohlar qoldirilgan va ularning hammasi salbiy bo‘lgan. Ammo bularning barchasi meni yanada kuchliroq qildi, katta turtki berdi. O‘shanda men oldinga borishimiz kerakligini va to‘g‘ri yo‘lda ekanligimni angladim, – dedi R. Ermatov.

Uchrashuv yakunida Ravshan Ermatov ishonch bilan O‘zbekiston albatta futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqishi haqida gapirdi. “Men ham bunga ishonishni xohlayman. Men ham futbol muxlisiman. O‘zbekiston terma jamoasi yutqazganida, men ham chuqur qayg‘uga tushaman”, deya o‘z hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi u.

Shuningdek, kun davomida yoshlar Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov bilan ham uchrashdi.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA