Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.
Majlis avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov shu yil 5-9 aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi va unda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan taklif-tashabbuslar haqida to‘xtalib o‘tdi.
— Yurtimiz parlamentlararo diplomatiyaning muhim markaziga aylandi. Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasida davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, bugungi kunda o‘ta dolzarb bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surgani keng e’tirof etilmoqda. Prezidentimiz xalqaro parlamentlararo hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, global va mintaqaviy nizolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, BMT Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhimligi qayd etildi. Iqlim o‘zgarishi, xotin-qizlar huquqlari, Parlamentlararo Ittifoqqa yoshlarni keng jalb etish masalalariga doimiy e’tibor qaratish lozimligi haqida to‘xtalib o‘tildi.
Davlatimiz rahbarining fundamental takliflari assambleya ishtirokchilari tomonidan keng e’tirof etilib, Parlamentlararo Ittifoqning strategiyasi va maqsadlariga to‘la mosligi ta’kidlandi. Shu bois bu tashabbuslar assambleya yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida to‘la aks ettirildi.
Toshkent assambleyasi Parlamentlararo Ittifoq tarixida eng keng ko‘lamlisi, eng ko‘p delegatlar qatnashgan assambleya bo‘lgani bilan jahon parlamentarizmida muhim bosqich sifatida e’tirof etilmoqda, — dedi Spiker.
Shuningdek, assambleya doirasida Qonunchilik palatasi vakillari tomonidan 96 ta davlat delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani va muayyan kelishuvlarga erishilgani aytib o‘tildi.
M.Komilova, O‘zA