Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent anjumanida tadbirkorlik ta’limini rivojlantirish strategiyasi belgilab olinadi
18:25 / 2024-10-10

Bugun poytaxtimizda YUNESKO va Alfraganus universiteti hamkorligida “Yoshlar va tadbirkorlik ta’limi kelajagi” mavzusida 10-YUNESKO-APEID konferensiyasi ish boshladi.

Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va Garvard universiteti vakillari, shuningdek yuzdan ziyod xalqaro ekspert, o‘qituvchi, siyosatchilar qatnashdi.

Yoshlar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yili dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, yigit-qizlar tahsil olishi barobarida o‘zlarida tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirishiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Qayd etish joiz, yoshlarni ishbilarmonlikka faol jalb etish, mamlakatimizda innovatsiyani rivojlantirishga nisbatan qat’iy intilish mazkur konferensiya davomida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Zero, yoshlarda yangicha fikrlash hamda yetakchilik sifatini shakllantirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash orqali o‘suvchan va inklyuziv tadbirkorlik ekotizimini yaratish juda muhim.

– Mazkur nufuzli va muhim tadbirni Toshkentda o‘tkazish tashabbusi o‘tgan yil Xitoyning Xanjou shahrida ilgari surilgan edi, – dedi Alfraganus universiteti rektori Muhammadismoil Mahmudov. – Anjuman yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsiyani rivojlantirish yo‘lidagi milliy maqsadlarni amalga oshirishga katta yordam beradi. Biz YUNESKO ko‘magida mamlakatimizga xalqaro tajribani olib kirish orqali yoshlarimizda raqobatbardosh dunyoda muvaffaqiyat qozonish uchun zarur bo‘lgan tadbirkorlik ko‘nikmasini hosil qilish niyatidamiz. Tadbir oliy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga ham yordam beradi.

Xususan, dunyodagi eng mashhur oliygohlardan biri – Kembrij universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzolaymiz.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, 2022 yil Toshkentda tashkil etilgan, buyuk o‘zbek allomasi Ahmad Al-Farg‘oniy nomi bilan atalgan Alfraganus universiteti iqtisodiyot, filologiya, pedagogika, ijtimoiy fanlar, raqamli texnologiya, tibbiyot, jismoniy tarbiya va sport hamda turizm yo‘nalishlariga ixtisoslashgan.

Ikki kun davom etadigan konferensiya davomida 35 mamlakat vakillari yoshlar ishbilarmonligini rivojlantirish siyosatini ishlab chiqish, tadbirkorlikni ta’lim tizimi bilan uyg‘unlashtirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan eng yaxshi amaliyotni targ‘ib etadi.

– Anjuman O‘zbekistonda o‘tkazilishi bejiz emas va muhim ahamiyatga ega, – dedi YUNESKO ta’lim bo‘limi rahbari Sara Al-Attor. – Toshkentda ko‘plab xalqaro ekspertlar ishtirokida ko‘p tomonlama tajriba almashish, yangi innovatsion g‘oyalarni o‘zlashtirish orqali mavjud muammolarni bartaraf etish imkoni yaratildi. Zero, rivojlangan davlatlar ilg‘or tajribasini o‘rganish, yetakchi xorijiy ekspertlar muvaffaqiyatini targ‘ib qilish ta’limdagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lida hamjihat qadam tashlash uchun zamin yaratadi.

Dasturga muvofiq, tadbirkorlik ta’limiga bag‘ishlangan maxsus jurnal taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi. Konferensiya yakunida “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilinadi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tadbirkorlik ta’limini rivojlantirish strategiyasi belgilab olinadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA