Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent aksilkorrupsiya forumi korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro darajadagi yakdillikni namoyon etdi (+video)
20:17 / 2025-10-23

Poytaxtimizda o‘tkazilgan V Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida Toshkent aksilkorrupsiya forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashining tashabbusi asosida har yili o‘tkazib kelinayotgan xalqaro tadbir “Muhokamalardan amaliy o‘zgarishlar sari” shiori ostida tashkil etildi. 

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov va boshqalar mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashining kengaytirilgan majlisida bu illatga qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha qo‘ygan topshiriqlari ijrosi yuzasidan amaliy ishlarga qadam qo‘yildi. Ochiqlik  tamoyili barcha davlat idoralarida ta’minlanishi, shaffof davlat xizmatlari ko‘rsatish, davlat xaridlarida noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha salmoqli natijalarga erishilmoqda. 

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi vaqtincha boshqaruvchi vakili Renata Robel O‘zbekiston rahbariyati tomonidan keyingi paytda qo‘llab-quvvatlashga arziydigan muhim tashabbuslar ilgari surilayotganini qayd etdi. Fuqarolar farovonligiga qaratilgan islohotlar, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy etishga e’tibor shular jumlasidandir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 5 martdagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chiqishida bildirgan fikrlari, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish bo‘yicha harakatlar, jamoat tashkilotlarining jamiyatdagi o‘rni kuchaytirilayotgani – bularning barchasi korrupsiyaga barham berishdagi muhim qadamlar. Bu yo‘nalishda biz hamkorlar ekanimizdan mamnunman. Yaqinda Bryusselda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yana bir tarixiy shartnoma imzolanishi kutilmoqda. 

Forum O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan YeI, BMT Taraqqiyot dasturi, GIZ, AQSH Davlat departamenti, IHTT, BMTning  Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, YeXHT, Konrad Adenauer fondi hamda Qatar davlatining Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurashish markazi kabi yirik xalqaro hamkorlar ko‘magida tashkil etildi.  

Unda xorijiy delegatsiyalar, davlat organlari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining 250 nafardan ortiq vakili, Germaniya, Sloveniya, Gruziya, Litva, Saudiya Arabistoni, BAA, Misr, Mo‘g‘uliston, Indoneziya, Ozarbayjon kabi 20 dan ortiq davlatning aksilkorrupsiya idoralari rahbarlari va vakillari, shuningdek, qator mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Aytib o‘tish kerakki, haftalik doirasida O‘zbekiston Biznes-ombudsmani bilan hamkorlikda Xalqaro Biznes-ombudsmanlar yig‘ilishi va IV Biznesda halollik forumi o‘tkazildi. 

Transparency International Latvia va IHTT bilan hamkorlikda “Davlat xarajatlari monitoringi va hisobdorlikni ta’minlash” mavzusida nodavlat tashkilotlari uchun seminar-trening tashkil etildi. 

BMT Taraqqiyot dasturi, YeI va IHTT ko‘magida korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilishga oid qonun loyihasining taqdimotiga bag‘ishlangan maxsus tadbir bo‘lib o‘tdi.  

Bundan tashqari, YeXHT bilan hamkorlikda “Shaffoflik va ochiqlik – korrupsiyaga qarshi kurashish vositasi sifatida” mavzusida seminar hamda BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa ekspertlari ko‘magida 3 ta hududda eksperiment tariqasida amalga oshirilayotgan “Halol hududlar” (“Island of Integrity”) loyihasi taqdimot qilindi. 

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ushbu forum doirasida 2027 yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga a’zo davlatlar konferensiyasining 12-yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. 

Ushbu tashabbus mamlakatimizning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi xalqaro rolini mintaqaviy darajadan global darajaga ko‘tarishga qaratilgan navbatdagi muhim siyosiy qadam hisoblanadi.

Zamonaviy taraqqiyot va global o‘zgarishlar talabidan kelib chiqib, bu yilgi forumda ham korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb masalalari kun tartibiga qo‘yildi. Jumladan, asosiy muhokama sessiyalari “Korrupsiyaga qarshi sun’iy intellekt”, “Komplayens nazoratining yangi darajasi” va “Korrupsiyaga qarshi o‘qitish” mavzulariga bag‘ishlandi. 

Faol muloqot va qizg‘in muhokamalar yakuniga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini takomillashtirish, chora-tadbirlar samaradorligini oshirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.

Toshkent aksilkorrupsiya forumining deklaratsiyasi qabul qilindi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nrsJqgMiL64" title="Toshkent aksilkorrupsiya forumi korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro darajadagi yakdillikni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Norgul Abduraimova,

Asliddin Alijonov (surat),

Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA muxbirlari