Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Toshkent – 2025” Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari I muvofiqlashtirish komissiyasi yig‘ilishi boshlandi
13:53 / 2024-10-05

Poytaxtimizda “Toshkent – 2025” yoshlar Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari I muvofiqlashtirish komissiyasining yig‘ilishi boshlandi.

Unda Osiyo paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid boshchiligidagi rasmiy delegatsiya vakillari mazkur kompleks musobaqalar oldidan ko‘rilayotgan umumiy tayyorgarlik, tashkiliy ishlar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.  

Yig‘ilishda O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov,  Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov,  Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev va boshqalar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda “Toshkent-2025” direksiyasi xodimlari qit’aning mazkur nufuzli musobaqasiga tayyorgarlik yuzasidan taqdimotni namoyish etdi. Shuningdek, kompleks musobaqaga olib borilayotgan katta hajmdagi hozirlik, o‘yinlar dasturiga kiritiladigan sport turlari va ular o‘tkaziladigan ob’ektlar, delegatsiyalarning taxminiy soni, transport-logistika masalasi, antidoping, viza, aviaqatnovlar va shu kabi tashkiliy mavzular haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Sport vaziri Adham Ikromov,  Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Osiyo paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid va boshqalar “Toshkent – 2025” yoshlar Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari I muvofiqlashtirish komissiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqiladigan masalalar borasida atroflicha ma’lumot berdi.

“Toshkent – 2025” yoshlar Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari I muvofiqlashtirish komissiyasining yig‘ilishi davomida Majid Rashid boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 6 oktyabr kuni poytaxtimizda barpo etilayotgan Paralimpiya shaharchasida bo‘lib, qurilish ishlarining borishi va uning bugungi holatini o‘rganadi.  

Shuningdek, 7 oktyabr kuni Sport vazirligida vazir Adham Ikromov, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid hamda Milliy paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida “Toshkent-2025” yoshlar Paraosiyo o‘yinlariga tayyorgarlik mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etiladi.

Javohir Toshxo‘jayev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA