FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida joylashgan Toshhovuz mahallasi tomorqachilik va bog‘dorchilikdagi yutuqlari bilan tobora mashhur bo‘layotgan hududlardan. Mazkur mahalla aholisi, sitrus mevalari, ayniqsa limon yetishtirishda yuqori natijalarga erishayotir. Bugungi kunda mahalladagi 150 ga yaqin oila aynan limonchilik yo‘nalishida faoliyat yuritadi.
81 yoshli mehnat faxriysi Ahmadjon Ismoilov Toshhovuz limonchilik maktabi asoschilaridan. U 30 sotix yer maydonidagi issiqxonada limon parvarishlamoqda. Oilaviy mehnat va birdamlik natijasi hosil yil sayin ortmoqda.
Ahmadjon Ismoilov oilasi nafaqat limon yetishtirish, balki undan foydalanib, qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot – tabiiy limon sharbati tayyorlashni ham yo‘lga qo‘ygan. Hozirda 7 turdagi sitrus meva sharbat tayyorlash o‘zlashtirilgan. Ushbu mahsulotlar nafaqat Yozyovon tumanida, balki butun Farg‘ona vodiysida yuqori sifati va foydali xususiyatlari bilan xaridorlar e’tiboriga tushgan.
[gallery-25645]
– Sharbatlarga hech qanday sun’iy qo‘shimcha qo‘shilmaydi, - deydi Ahmadjon Ismoilov. – Faqat tabiiy meva, uning shirasi va mehnat bor. Shuning uchun ham mahsulotimizga yilning to‘rt faslida ham talab yuqori. Yaqin kelajakda sitrus mevalari asosida tayyorlanadigan tabiiy sharbatlar ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish niyatimiz bor.
Hudud iqlimi va tuproq sharoiti sitrus mevalarini yetishtirish uchun juda mos. Bu mazkur yo‘nalishda katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Mahallada istiqomat qilayotgan 1213 ta oilada qariyb 5 ming nafar aholi yashaydi. Agar har bir oila shu yo‘nalishda faoliyat olib borsa, nafaqat ichki, balki tashqi bozor uchun ham raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA