Samarqand shahrida shu yil 7 noyabrdan 7 dekabrga qadar “Samarqand – 2025” IV xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi o‘tkaziladi.
Samarqandda bo‘ladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 20-yig‘ilishi doirasida tashkil etilayotgan mazkur tadbir aholining ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish, xorijlik ijodkorlar bilan ekologiya va atrof-muhit sohasida samarali ijodiy hamkorlik, tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, tabiatga bag‘ishlangan badiiy asarlar orqali shaharlarning madaniy muhiti va landshaft qiyofasini rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Samarqand filiali rahbari Ahmad Isayevning ma’lum qilishicha, Samarqandda mazkur xalqaro haykaltaroshlik simpoziumini yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan. Mamlakatimiz va xorijlik 20 nafardan ortiq haykaltaroshning samarali faoliyat ko‘rsatishi, o‘zaro tajriba almashishi uchun kerakli sharoit va imkoniyatlar yaratilib, kerakli miqdorda granit toshlar keltirib qo‘yildi.
Simpozium doirasida Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Turizm akademiyasida haykaltaroshlar ishtirokida uchrashuv va mahorat saboqlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, BMT Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 20-yig‘ilishi ishtirokchilari ham ularning ish jarayonlarini kelib kuzatishlari mumkin bo‘ladi.
Simpozium davomida yaratilgan mahobatli haykaltaroshlik asarlarini Samarqand va Toshkent shaharlarida istirohat bog‘lari va xiyobonlarda o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri