Surxondaryo viloyatida “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi doirasida 30 ta mahalla “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi hudud” sifatida tanlab olinib, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 8 oktyabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bu mahallalar yanada obod, ko‘rkam va farovon go‘shaga aylanadi. Infratuzilmasi tubdan yaxshilanib, tadbirkorlik rivojlanadi. Yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, qishloq mahallalariga shahar muhiti hamda yashash sharoitlari olib kiriladi.

Ana shunday ulug‘vor maqsadda Sariosiyo tumanidagi Tortuli mahallasini ham “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi hudud”ga aylantirish yuzasidan keng qamrovli obodonlashtirish-bunyodkorlik ishlari boshlandi.

Ayni paytda mahallaning markaziy ko‘chalarini obodonlashtirish, piyodalar va velosipedlar uchun yo‘laklar qurish, tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish, ko‘chalarni kengaytirish va tartibga keltirish ishlari bajarilmoqda. Aholi turar joylari hamda ijtimoiy soha ob’ektlari ta’mirlanib, qiyofasini o‘zgartirmoqda.

Tuman hokimi Odiljon Yaqubov hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, dastur doirasida mahallaning tashqi ko‘rinishini zamonaviy talablarga mos yangilash, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, jamoat hududlarini obodonlashtirib, yashil maydonlarni ko‘paytirish, infratuzilmani rivojlantirib, aholi muammolarini hal etishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar mahallani shahar qiyofasidagi obod va farovon go‘shaga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri