French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘rtko‘lda Navro‘z
18:27 / 2022-03-21

“Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi” g‘oyasi ostida o‘tkazilayotgan Navro‘z umumxalq bayrami Orolbo‘yining barcha hududlari, jumladan, To‘rtko‘l tumanida ham keng nishonlanmoqda.

Bayram saylida tuman sektor rahbarlari, mehmonlar hamda nuroniylar milliy folklor dasturlar ishtirokchisiga aylandi. Milliy o‘tovlar oldida  esa qadimdan e’zozlanib kelayotgan qadriyatlar jam bo‘ldi. Markaziy sahnadan taralayotgan "Bahor valsi", ko‘m-ko‘k osmon, borliqqa iliq nur sochayotgan bahor quyoshi to‘rtko‘liklarga o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Navro‘z saylida tumandagi barcha mahalla va ovul fuqarolar yig‘ini faollari milliy taomlar, urf-odatlar va qo‘l mehnati ko‘rgazmasi bilan faol qatnashdi. Qadimda momolar o‘ragan ro‘mollar, turli millatdagi kelinlarning milliy libosdagi iboli ta’zimlari namoyish etildi. Doshqozonlarda qaynab turgan sumalaklar bahorni sog‘ingan yurtdoshlarimiz uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

Tuman madaniyat bo‘limining xushovoz xonandalari, to‘garak a’zolari va iqtidorli yoshlar tomonidan milliy va zamonaviy kuy qo‘shiqlar va raqslardan tayyorlangan bayram dasturi katta qiziqish bilan tomosha qilindi.

Bayram tadbirlaridan o‘rin olgan milliy o‘yinlar sportchi yoshlarga ko‘pgina bayramona sovg‘alarga ega bo‘lish imkonini berdi. Arqon tortish, kurash kabi milliy o‘yinlar davomida ko‘pgina yurtdoshlarimiz bir necha yillardan beri sog‘ingan milliy o‘yinlarni namoyish qilishga musharraf bo‘ldi. Musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlar hokimlik tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Bayram tantanalari davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA