Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘rtko‘lda islohotlar aholi manfaatiga xizmat qilmoqda
16:11 / 2026-02-27

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orolbo‘yida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, shu orqali aholining farovon hayotini ta’minlash  borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar To‘rtko‘l tumanida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.

So‘nggi yillarda qabul qilingan farmon hamda qarorlar asosida yangi tashkil etilayotgan ishlab chiqarish ob’ektlari aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni jamoatchilikka yetkazish maqsadida respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab tumandagi istiqbolli loyihalardan bo‘lgan, “Premium Golden Grain Products” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur zavod Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tadbirkorlar uchun yaratilgan alohida imtiyozlar va investitsion muhit natijasida ishga tushirilgan. Bugungi kunda korxonada 20 nafardan ortiq mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayoni ikki smenada tashkil etilgan. 

Tumanda jami 70 dan ortiq chorvachilik sub’ekti faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lib, jami qoramollar bosh soni 5 ming 230 tani, shundan, naslli qoramollar 3 ming 185 tani tashkil qiladi. Chorvachilik sub’ektlarida ekin maydoni 1,5 ming gektardan ortiq bo‘lib, ularga chorvachilik ozuqa ekinlaridan makkajo‘xori, beda, xashaki lavlagi kabi ozuqabop ekinlar ekiladi.

 “Ko‘na To‘rtko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Lochin chorva kompleks” fermer xo‘jaligi 2010-yilda tashkil topgan. 70 gektardan ortiq yer maydoniga ozuqa ekinlari ekilib, 200 dan ziyod qoramol va 60 dan ziyod qo‘y parvarish qilinmoqda.

Press-tur ishtirokchilari tuman markazidan olisda joylashgan hududda ish faoliyatini boshlash harakatida zamonaviy texnologiyalar orqali yangi ish o‘rnini tashkil qilish arafasida turgan “Degore-glass T” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonada ham bo‘ldi. Ushbu zavodda hozirda chet eldan keltirilgan zamonaviy uskunalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 7 million AQSH dollar (rossiyalik investor mablag‘i) bo‘lib, ishga tushish muddati joriy yil sentabr oyiga rejalashtirilmoqda. Zavodning loyiha quvvati 15 million dona shishaga bezak berishdan iborat. Yangi zavod ishga tushishi bilan 60 nafar mahalliy ishsiz fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Tumandagi Bahor mahallasida istiqomat qiluvchi Atajan og‘a Urazimbetov oliy ma’lumotli agronom. U yangilikka bel bog‘lab, bank xodimlari bilan maslahatlashib 33 million so‘m kredit oldi. Jamg‘argan sarmoyasini ham qo‘shib, termos usulida issiqxona qurdi. 2024-yil dekabr oyida boshlagan bu ishlari bugun o‘z mevasini bermoqda. Hozirda, tomorqasidagi 3 sotix yerda qad rostlagan issiqxonadagi 100 tup banan bugun otaxonning doimiy mashg‘ulotiga aylangan. O‘z ishining natijasidan ruhlangan otaxon kelgusida boshqada sitrus mevalarni yetishtirishni maqsad qilgan.

Tumandagi Toshkent mahallasida yashovchi Muratboy Jalgasov avtohalokatdan so‘ng harakatsiz holatga tushib qolgan edi. Mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma va suhbat davomida uning ehtiyojlari o‘rganilib, bir qator xizmatlar ko‘rsatildi.

Davolash muolajalari natijasida o‘zini ancha tiklab olgach, o‘z tomorqasidan unumli foydalanib qo‘shimcha daromad olishni maqsad qildi. Imtiyozli kredit olib faoliyatini boshladi. Albatta, boshlanishida qiyinchiliklar bo‘ldi. Bugungi kunda Muratboy aka o‘z uyida 3 mingdan ortiq bedana boqib, ichki bozorni bedana tuxumi va go‘shti bilan ta’minlash evaziga oilasining farovonligiga erishmoqda. O‘ziga bo‘lgan ishonch va oldiga qo‘ygan maqsad sari dadil borayotgan tadbirkor kelgusida katta rejalarni amalga oshirishga harakat qilishini bildirdi. 

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bugungi kunda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. 

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.