To‘rtko‘l shishasi rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilinmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “To’rtko’l shisha idishlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda bu yerda 200 dan ziyod kishi ish bilan ta’minlangan.
Korxonaga Xitoydan keltirilgan zamonaviy dastgohlar bir yilda 13 ming 200 tonna oziq-ovqat va farmatsevtika shisha qadoqlash mahsulotlari (steklotara) ishlab chiqarish imkonini bermoqda. Hozirda bu yerda 20 turdagi shisha banka va butilka tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Tayyor mahsulot ichki bozor bilan birga Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston, Gruziya, Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilinmoqda.
[gallery-386]
Korxonada, shuningdek, 2021 yildan float oynasini ishlab chiqarish o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu maqsad uchun qariyb 33 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Natijada qo‘shimcha 200 ish o‘rni yaratiladi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA