Tortishuv - jinoyat protsessining asosiy prinsiplaridan biri, u jinoyat protsessining shaklini belgilaydi
Mazkur qaror loyihasida zamonaviy, sifatli sud-huquq tizimini yaratishga va advokatura institutini yana-da tubdan takomillashtirish yuzasidan muvaffaqiyatli davlat siyosatini olib borishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.
Bugungi kunda, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ijrosi yuzasidan zamonaviy, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi sud-huquq tizimini yaratishga va advokatura institutini yana-da takomillashtirishga doir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura institutini yana-da takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilib, aholi va mutaxassislar tomonidan loyiha yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilmoqda.
Mazkur qaror loyihasida zamonaviy, sifatli sud-huquq tizimini yaratishga va advokatura institutini yana-da tubdan takomillashtirish yuzasidan muvaffaqiyatli davlat siyosatini olib borishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, jinoyat protsessida tortishuvlik prinsipi va taraflar tengligining buzilishiga olib keluvchi ayblov va himoya taraflarining protsessual huquqlaridagi nomutanosiblikning saqlanib kelinayotganligi ushbu turdagi muammolardan biridir.
Ushbu muammoni bartaraf qilishda jinoyat protsessida ayblov va himoya tarafi teng huquqlarga ega boʻlgan tortishuv prinsipini taʼminlash sohani yana-da isloh etishning asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Qaror loyihasida belgilangan ushbu normaning ahamiyati shundaki, jinoyat protsessining barcha bosqichlarida, xususan sud ish yurituvida “tortishuv prinsipi”ni taʼminlash, oʻz navbatida sudlar tomonidan adolatli qaror chiqarishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 25-moddasida birinchi instansiya sudining sud majlisida, shuningdek ishlar yuqori sudlarda koʻrilayotganda ish yuritish taraflarning oʻzaro tortishuvi asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Mazkur moddaga muvofiq, davlat va jamoat ayblovchilari, sudlanuvchi, voyaga yetmagan sudlanuvchining qonuniy vakili, himoyachi, jamoat himoyachisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari sud majlisida taraflar sifatida ishtirok etadilar va dalillar taqdim etish, ularni tekshirishda qatnashish, iltimos bilan murojaat qilish, ishning toʻgʻri hal etilishi uchun ahamiyatga molik har qanday masala boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishda teng huquqlardan foydalanadilar.
Birinchi instansiya sudida tortishuv odil sudlovning demokratiyaviyligining muhim koʻrsatkichi hisoblanadi, chunki uni toʻliq amalga oshirish birinchi navbatda, taraflarning teng huquqliligini taʼminlash, har bir taraf oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishlari uchun imkoniyat yaratib berishdan iborat, deyishimiz mumkin. Buning yorqin misoli sifatida sud vakolat doirasidan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni olib tashlanishi, sudning yana-da xolisona hukm chiqarishi taʼminlandi va tortishuv prinsipini amalga oshirishda keng imkoniyatlar yaratildi.
Jinoyat protsessi amalga oshirilishi uchun asos boʻladigan prinsiplaridan biri “tortishuv prinsipi” protsessda haqiqatni vujudga keltiradigan bahs deb hisoblaydigan boʻlsak, haqiqat esa mazkur tamoyilning maqsadi va unga erishish sharti, vositasi boʻlib xizmat qiladi.
Tortishuv jinoyat protsessining asosiy prinsiplaridan biri hisoblanib, u jinoyat protsessining shaklini belgilaydi, yaʼni jinoyat protsessida sudlov ishlari ayblov va himoya funksiyasining bir biridan ajratilgan holda yuritilib, teng protsessual huquqlaridan foydalanadigan taraflar tomonidan amalga oshiriladi.
Demak tortishuv boʻlishi uchun eng avvalo protsessual tenglik, teng huquqlilik boʻlishi kerak va Jinoyat-protsessual kodeksning tenglik va tortishuv prinsiplarni bir-biriga chambarchas aloqadorligini oshiradi, hamda oʻz ichiga ishning nafaqat amaliy jihatini, balki yuridik jihatiga ham taalluqli deb, hisoblashimiz mumkin boʻladi.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura institutini yana-da takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasida jinoyat protsessida ayblov va himoya tarafi teng huquqlarga ega boʻlgan tortishuv prinsipini taʼminlash sohani yana-da isloh etishning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilanishi oʻz navbatida, mamlakatimizda taraflar tengligiga asoslangan advokatura institutini takomillashtirishda, sudlar tomonidan adolatli hukm qilishni taʼminlashda, ishning adolatli hal etilishini kutayotgan fuqarolarning huquqlarini muhofaza qilishi, tomonlarga tortishuvda faollik koʻrsatish uchun sharoitlar yaratib berishda dolzarb ahamiyatga ega.
Dildora Bozorova,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori