Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hududidagi “Sirdaryo politeks agro-klaster” korxonasi o‘z faoliyatini boshlaganiga endigina 2 yil bo‘ldi, 400 kishi doimiy, 1500-2000 kishi mavsumiy ish bilan ta’minlandi.
Ana shu qisqa fursat davomida korxonani boshqarayotgan aka-uka Abdurahmonovlar rahbarligidagi ahil va inoq jamoa paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot holiga keltirish yo‘lida astoydil mehnat qilib, dadillik bilan olg‘a intilayotir.
Xalqimizda, to‘rtavlon tugal bo‘lsa, tog‘ni talqon qiladi, oltavlon ola bo‘lsa, og‘zidagini oldiradi, degan ajoyib naql bor. Sayxunobodlik aka-uka Abdurahmonovlar ham ana shunaqa, bir musht bo‘lib harakat qiladiganlardan.
Dilmurod uloqqa ot soldimi, uni olmasa qo‘ymaydi, uloqni oldimi taqimiga mahkam qisadi. Dilshod va Durbeklar unga qal’adek qo‘rg‘on bo‘ladi. Marraga yetguncha Dilmurodning taqimidan qani birov uloqni olib ko‘rsinchi, bunga kuchi yetarmikan. Bu ittifoq og‘alar uloqni marraga tashlamaguncha, marraboshi: “Halol! Abdurahmon polvonni nevarasi Dilmurodning zoti halol!” demaguncha qo‘ymaydi.
“Sirdaryo politeks agro-klaster” korxonasi faoliyatini ham Abdurahmonovlarning kattasi Dilmurod boshlab berdi. Mana ikkinchisi Dilshod binoyidek davom ettirayapti. Kichigi Durbekning esa ezgu maqsadi – ishlab chiqarish turlarini kengaytirib, quvvatini yanada oshirish va eksportga faqat tayyor mahsulotni jo‘natish.
Joriy mavsumda agro-klaster mehnatkashlari 10 ming gektar maydonga chigit qadab, barcha agro-texnik tardbirlarni bekamu-ko‘st ado etdi. Boniteti o‘ta past hisoblangan yer maydonidan 25 sentnerdan hosil ko‘tarib, o‘z oldilariga qo‘ygan rejani ortig‘i bilan uddaladilar. Eng muhimi, yig‘ilgan paxta hosili yuz foiz klasterda qayta ishlandi.
– Shu paytgacha chigitni qayta ishlash uchun Toshkent shahriga olib borib, uning tarkibidagi yog‘, yem, sovun va boshqa mahsulotlarni olib, so‘ngra qaytarib yana Sirdaryoga olib kelardik, – deydi “Sirdaryo politeks agro-klaster” rahbari Dilshod Abduraxmonov. – Mana endi klasterimizning qoshida o‘zimizning yog‘-moy zavodini quryapmiz. Hozir u yerda so‘nggi ta’mirlash-payvandlash ishlari olib borilmoqda. Xudo xohlasa, xalqimizning sevimli bayramlaridan biri – Navro‘z ayyomiga zavodimiz ishga tushirilsa, yana 70 kishi doimiy, 40-50 kishi mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.
Loyiha qiymati 2 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu yog‘-moy zavodi uchun 700 ming AQSH dollariga Xitoy davlatidan olib kelingan va o‘zimizda ishlab chiqarilgan eng so‘ngi rusumdagi uskunalarni o‘rnatish-payvandlash ishlari deyarli nihoyalanib bormoqda.
Ushbu zamonaviy yog‘-moy zavodi 6 ta – mahsulotni presslash (siqish), rafinatsiyalash (tozalab, tarkibidan sovunni ajratib olish), ekstraksiyalash (tarkibidan texnik moyni ajratib olish), dezodaratsiyalash (qizdirib, tarkibidan zararli moddalarni chiqarib yuborib, to‘la istemol holiga olib kelish), qadoqlash va saqlash bo‘limlaridan iborat. Zavod yiliga 30 ming tonna chigitni qayta ishlash quvvatga ega bo‘ladi.
– “Sirdaryo politeks agro-klaster” tomonidan yetishtiriladigan paxta hosili 25 ming tonnadan ortib, undan 10-12 ming tonnagacha chigit olish imkoni mavjud, – deydi agro-klaster bosh agranomi Aziz Mirzayev. – Yangidan qurilayotgan zavodimizda esa yiliga 30 ming tonna mahsulotni qayta ishlash imkoniyati mavjudligini hisobga olsak, yetishtirgan hosilimizning chigiti qayta ishlangach, zavod to‘xtab qolishi mumkin. Shuni hisobga olib, paxtadan tashqari yana semichka (pista) ekishni ham rejalashtirdik. Bu esa mahsulot turi va miqdorini oshirishi bilan birgalikda, ham doimiy, ham mavsvmiy ish o‘rinlarini oshiradi va qolaversa, yana yog‘-moy zavodi ishida ham to‘xtalish bo‘lmasligini ta’minlaydi.
Ishlab chiqarilgan mahsulot Toshkent shahridagi oziq-ovqat margarini ishlab chiqaruvchi firmalarga, asosiy qismi esa ichki bozorga sotiladi. Chigitdan olinadigan moydan tashqari kunjara, sheluxa, sovun va boshqa mahsulotlarni klaster qoshida tashkil etilishi rejalashtirilgan chorvachilik firmasi va Sayxunobod xalqiga yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
“Sirdaryo politeks agro-klaster” qoshida, yog‘-moy zavodidanda yirikroq loyiha – ip-kalava ishlab chiqarish fabrikasi qurilishi boshlab yuborilganini alohida ta’kidlash joiz.
– Ushbu loyihamizning qiymati 25 million AQSH dollarini tashkil etib, uning qurilishi Germaniyaning “Lands-bank” va O‘zbekistonning “Agrobank”lari tomonidan kiredit mablag‘lari bilan moliyalashtirildi, – deydi “Sirdaryo politeks agro-klaster” korxonasi rahbarining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Durbek Abdurahmonov. – Ip-kalava ishlab chiqarish borasida dunyodagi eng mashhur “Truschler” nemis firmasi bilan shartnoma qildik. Qurilish-montaj ishlari va ishlab chiqarish Germaniya texnologiyasi asosida barpo etilmoqda.
Ushbu loyihamizni kelgusi yilning 2-choragida ishga tushirishni rejalashtirayapmiz. Xudo xohlasa, fabrikamiz ishga tushirilgach, sirdaryolik 400 nafar, asosan xotin-qizlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida, ushbu fabrikada ishlab chiqarilgan ip-kalavadan sifatli paxta matosi to‘qish sexini ham qurish rejalashtiilgan. Bundan tashqari, ushbu matodan tumandagi “Baxmal soy” mahallasida tikuv sexini barpo etish ham nazarda tutilmoqda. Bu ham yana qo‘shimcha 350-400 kishini doimiy ish bilan ta’minlanish imkonyatini beradi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, “Sirdaryo politeks agro-klaster” korxonasi yuqori marralar sari dadil odimlamoqda. Yirik loyihalarni amalga oshirib, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratish, xalqimiz farovonligini oshirish, mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish yo‘lida astoydil mehnat qilishmoqda.
Ana shu ezgu ishlarda “Sirdaryo politeks agro-klaster” korxonasi jamoasi va uni aql-idrok bilan boshqarayotgan aka-uka – Dilmurod, Dilshod va Durbek Abdurahmonovlarga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA