Namanganda viloyat prokuraturasi, viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamkorligida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Yoshlarning atrof-muhitni muhofaza qilishga oid huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ekologiya sohasida qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan mazkur tanlov To‘raqo‘rg‘on tumanidagi madaniyat markazi binosida ko‘tarinki ruhda, yuqori saviyada tashkil etildi.

Ishtirokchi jamoalar ko‘rik davomida «Bu bizning hudud», «Intellektual ring», «Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz!» va «Eng yaxshi ekologik loyiha» shartlari asosida sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qonunchilik talablariga doir bilimlarini namoyon etdilar.

Tanlov jarayonlari ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida munosib baholandi. Qatnashchilar tomonidan taqdim etilgan ekologik loyihalar amaliy ahamiyati, innovatsion yondashuvi va ijtimoiy samaradorligi nuqtai nazaridan atroflicha tahlil qilindi.

Hakamlar hay’atining yakuniy xulosalariga ko‘ra, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 24-sonli umumta’lim maktabining «Eko liderlar» jamoasi g‘olib, deb topilib, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Faxrli ikkinchi o‘rinni Namangan tumanidagi 22-sonli umumta’lim maktabining «Yashil kelajak» jamoasi egalladi. Uchinchi o‘rin esa, Mingbuloq tumanidagi 6-sonli umumta’lim maktabining «Bi eko best» jamoasiga nasib etdi.



Ta’kidlash darkor, mazkur tanlov yosh o‘g‘il-qizlar o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonunchilik normalarini keng targ‘ib etish, ularning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ona tabiatga bo‘lgan daxldorlik hissi hamda mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA