French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘raqo‘rg‘onda yirik sanoat korxonalari ishga tushirildi
17:59 / 2025-02-06

Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizning sanoat va tadbirkorlik markazi sifatida e’tirof etilgan Namangan viloyatida keyingi yillarda sanoat jadallik bilan rivojlanmoqda.

Birgina To‘raqo‘rg‘on tumanida jami 22 gektar maydonda oltita kichik sanoat zonasi, shundan 7,8 gektar yerda ikkita yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilgan. Mazkur sanoat hududlariga umumiy qiymati 326 milliard so‘mga teng bo‘lgan 40 ta loyiha joylashtirilib, ularni to‘liq ishga tushirish hisobiga 2 ming 593 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. 

Hozirga qadar qiymati 78 milliard 700 so‘mlik 12 ta loyiha ishga tushirildi hamda 1 ming 121 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, “Yoshlar” kichik sanoat zonasida yangi korxona faoliyat yuritmoqda. “Smart Kettle Factory” mas’uliyati cheklangan jamiyatning 2 million AQSH dollarlik loyihasi asosida bunyod etilgan korxonada yillik 600 ming dona elektr choynak ishlab chiqariladi va 7 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Eng muhimi, bu yerda 150 ta yangi ish o‘rni yuzaga keldi. 

Kichik sanoat zonasida joylashgan “Buramatut Fruits Centre” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 0,4 gektar maydonda barpo etilgan korxonada makkajo‘xori va lavlagi mahsulotlari yuqori texnologiya asosida qadoqlanadi hamda to‘liq eksportga yuboriladi. Loyiha qiymati 10 milliard so‘mni tashkil etuvchi korxonada yiliga ikki ming tonna mahsulot tayyor holga keltiriladi. 5 million dollar miqdoridagi mahsulotlar xorijga eksport qilinadi. Yangi ishlab chiqarish hisobiga 30 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. 

Har ikki korxonaning taqdimot marosimlarida qatnashgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tadbirkorlarning xayrli biznes tashabbuslari eksport salohiyatini yanada rivojlantirish, qolaversa, aholi farovonligini yuksaltirishda alohida o‘rin tutishini ta’kidladi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA