Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasiga sayohat
17:55 / 2022-11-10

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchi-o‘quvchilari To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Qayd etish joiz, Prezidentimizning 2022 yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish maqsadida viloyatning barcha tumanlarida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda.

Elektr stansiyasining sex boshlig‘i Abdumalik Shokirov boshchiligida o‘tkazilgan tanishuv fizika-matematika yo‘nalishida ta’lim olayotgan o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Yoshlarga stansiyaning qurilishi tarixi, vazifalari, kundalik hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati, uning texnik-iqtisodiy imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

– Maktabimizda o‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda asosiy o‘quv dasturlari bilan birgalikda sinfdan tashqari kasbga yo‘naltirilgan amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkaziladi, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumani ixtisoslashtirilgan maktabi direktori Nodirbek Ahmedov. – Yurtimizdagi eng zamonaviy issiqlik elektr stansiyalaridan hisoblangan To‘raqo‘rg‘on IES kabi korxonalarda o‘tkazib kelinayotgan bunday mashg‘ulotlar tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘zlashtirish, o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berishga xizmat qiladi.

Elektr stansiyasi hamda To‘raqo‘rg‘on tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘rtasida kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishib olindi. Jumladan, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularga keyinchalik o‘qishini davom ettirish uchun oliy ta’lim muassasalarini tanlashda ko‘maklashish maqsadida boshqa aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha tahsil olayotgan yuqori sinf o‘quvchilarining elektr stansiyasi bilan yaqindan tanishishini tashkil etish, elektr stansiyasining malakali va yosh mutaxassislarini esa ta’lim jarayoniga jalb etish maqsadida maktablarda maxsus darslar va treninglar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.