“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga kiruvchi, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilishga e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz raisligida 2022 yil 10 iyun kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlar qilinyapti.

bugungi kunda To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi ikkita energoblogi shtat rejimida ishlab, soatiga 930 000 kVt, sutkasiga 22 million kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda va yagona elektr tarmog‘iga uzatmoqda.
Jumladan, stansiyaning markaziy boshqaruv binosi, ma’muriy boshqaruv binosi, yong‘indan qutqaruv bo‘linmasi, qo‘riqlash binosi va boshqa shu kabi xo‘jalik binolari tom qismiga har biri 200 litrli 6 ta quyosh suv isitgichi o‘rnatildi va ishga tushirildi. Hozirgi kungacha 8,7 ming kVt/soat elektr energiyasi, hamda 0,3 Gkal issiqlik energiyasi iqtisod qilindi.

– Yoqilg‘i energoresurslarini tejash, atmosferaga zararli gazlarning chiqishini kamaytirish maqsadida 2024 yil yakuniga qadar ikki yil davomida stansiya atrofidagi bo‘sh turgan 15 gektar maydonga umumiy quvvati 10,2 MVt ga teng bo‘lgan quyosh fotoelektrik stansiyalari qurish ko‘zda tutilgan, – deydi “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” unitar korxonasi mas’ul xodimi Ravshan Mirsaidov. – Hozirgi kunda 1,2 gektar ana shunday maydonda quvvati 1060 kVt bo‘lgan 1482 ta quyosh panellarini o‘rnatish uchun metall konstruksiyalari qurish borasida ishlar olib borilmoqda. Mazkur stansiya foydalanishga topshirilgach, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 1,9 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi, buning evaziga 400 million so‘m mablag‘ tejaladi.
Ma’lumot o‘rnida, kelgusida 15 gektar joyda 10,2 MVt ga teng bo‘lgan quyosh fotoelektrik stansiyalari ishga tushirilgach, yiliga 18 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi, hamda buning evaziga 3,8 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilinishi rejalashtirilmoqda.
Ayni kunlarda korxona hududi bo‘yicha, shuningdek stansiyaga kirish va chiqish yo‘llariga quyosh fotoelektrik yoritgichlarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Jumladan, shu yil aprel oyida o‘rnatilgan 20 ta quyosh paneli asosidagi ko‘cha yoritgichlariga qo‘shimcha ravishda 50 ta quyosh yoritgich montaj qilindi, binolar ichida 110 ta sensorli harakat datchiklari o‘rnatilmoqda. Ushbu zamonaviy energiya manbalari va qurilmalari evaziga yiliga jami 91 ming kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi. E’tiborlisi shundaki, quyosh svetodiodli ko‘cha fonarlari “Navoiy” erkin iqtisodiy hududidagi “Telecom Devices PRO LTD” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan.
Korxonada energiya samaradorligi va tejamkorlikka erishish uchun sovitish jihozini texnik suv bilan ta’minlash nasoslarini o‘z oqimi bilan ishlash rejimiga o‘tkazildi, bunda oyiga 108 ming kVt/soat elektr energiyasi, ya’ni 21,6 million so‘m tejalmoqda. Chiqindi suvlarni tozalash stansiyasi 110 kVt quvvatli havo kompressoridan unumli foydalanish evaziga oyiga 66 ming kVt/soat elektr energiyasi, ya’ni 13,2 million so‘m hamda sovitish tizimidagi 11 ta ventilyatorning ish samaradorligini oshirish hisobiga oyiga 120 ming kVt/soat elektr energiyasi, boshqacha aytganda 24 million so‘m tejalmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA