Namangan viloyatidagi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi mamlakatimiz elektr tizimining eng yirik va muhim ob’ekti hisoblanadi.
Ushbu inshoot ishga tushgandan ayni vaqtga qadar 5,3 milliard kVt elektr energiya ishlab chiqardi. Hozirgi kunda ikkita energoblok to‘la quvvatda 900 MVt elektr energiyasini tarmoqqa uzatmoqda.
To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi bosh direktori Iskandar BOSIDOV bu yerdagi ish jarayoni haqida so‘zlab berdi.

– Avvalo, “To‘raqo‘rg‘on IES” faoliyati bilan tanishish va o‘rganishga kelgan OAV vakillariga minnatdorlik bildiraman, – dedi I.Bosidov. – Negaki, bu yerdagi elektr energiya ishlab chiqarish uskunalari va ish tartiblari haqida ommaga yetkazish nihoyatda foydalidir. Ushbu IES bugungi kunda vodiyni 40 foiz elektr energiya bilan ta’minlayapti. Shu bois, bu stansiyaning ahamiyati katta. 350 nafar ishchi-xodimning 200 nafari namanganliklar, ularning 100 nafarga yaqini To‘raqo‘rg‘on tumanidan. Ishchi-xodimlar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Ularga o‘z vaqtida oylik maoshi beriladi. Ishlab chiqarishning 90 foizi raqamli texnologiyaga asoslangan. Stansiyadagi boshqaruv pulti orqali jarayon nazorat qilinadi.
Bu yerda ish 24 soat uzluksiz davom etadi. Jamoamiz yuqori malakali mutaxassislardan iborat va ular o‘z ustida doimiy ishlaydi, izlanadi. IESda ishlab chiqarilgan quvvat Namangan viloyatinig “Qizil-Ravat”, “Sardor” va Andijon viloyatining “Yulduz” nimstansiyalariga uzatilmoqda. Ahamiyatli jihati shundaki, bu stansiya ishlab chiqariladigan 900 MVt quvvatni xuddi shunday ekvivalentdagi quvvatni ishlab chiqaruvchi boshqa IESlar bilan taqqoslaganda yiliga 730 million metr kub tabiiy gazni tejash imkoniyatiga ega. Hozirgi kunda 1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun stansiya shartli yoqilg‘i sarfi 226 gr kVt.ni tashkil etadi. Bu esa mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilashda muhim omildir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27-28 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Energetika vazirligi va uning huzuridagi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan press-turda OAV vakillari “Farg‘ona IEM” AJ va “To‘raqo‘rg‘on IES” faoliyati bilan tanishgan edi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA