Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘raqo‘rg‘on IES: energobloklar to‘la quvvatda ishlamoqda
09:18 / 2022-06-17

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tizimida ayni vaqtda issiqlik elektr stansiyalarini kelgusi kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Jumladan, Namangan viloyatida joylashgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasining birinchi energoblogi qayta ishga tushirildi, navbatdagi inspeksiya nazorati tadbirlari va profilaktika-ta’mirlash ishlari doirasida deyarli bir oy mobaynida olib borilgan tadbirlardan so‘ng energoblok mamlakat Yagona energotizimi tarmog‘iga elektr energiyasini yetkazib bera boshladi.

Energoblokni kuz-qish davriga tayyorlashdek mas’uliyatli ishlar Yaponiyaning “Mitsubishi Hitachi Power Systems” (MHPS) konsorsiumi – loyiha bosh pudratchisi 10 nafar malakali mutaxassisi, “O‘zbekenergota’mirlash” korxonasining 70 nafardan ortiq tajribali mutaxassisi, shuningdek, “O‘zenergosozlash” korxonasi, turdosh stansiyalar, boshqa maxsus-ta’mirlash tashkilotlarining malakali xodimlari tomonidan amalga oshirildi. Ushbu tadbirlarga elektr stansiyasining ta’mirlash bo‘yicha brigadalari bilan birgalikda jami 130 dan ortiq xodim jalb qilindi.

– O‘ylaymanki, birinchi energoblok turbogeneratorini profilaktika nazoratidan o‘tkazish va ta’mirlash bo‘yicha bunday katta va mas’uliyatli vazifalar hamjihatlikda, sifatli bajarildi, – deydi To‘raqo‘rg‘on IES sex boshlig‘i Abdumalik Shokirov. – Barcha xodimlar o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan vijdonan yondashdi. 2022-2023 yil kuz-qish mavsumida stansiyaning uzluksiz va ishonchli ishlashi uchun yaxshi zaxira yaratdik.

Ayni vaqtda besh nafar yapon mutaxassisi hamda ta’mirlash korxonalari mutaxassislaridan tashqari, deyarli barcha xodimlar o‘z  doimiy ish joylariga qaytib ketdi. Ular tomonidan sinov rejimida ishlayotgan energoblokni monitoring va nazorat qilish ishlari olib borilmoqda. Yonish kamerasida turli quvvatlarda sinovlar o‘tkazilyapti.

To‘raqo‘rg‘on IES bosh muhandisi o‘rinbosari Ashurbek Abdullayevga ko‘ra, stansiyaning birinchi energoblogida o‘tkazilgan navbatdagi ta’mirlash ishlari yosh mutaxassislar uchun yaxshi maktab bo‘ldi. Mutaxassislar zimmalariga yuklatilgan aniq vazifalarni bajardi va xorijiy mutaxassislardan ko‘p narsalarni o‘rgandi, ko‘zda tutilgan tadbirlar doirasida esa ular bilan tajriba almashdi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA