Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida 10 iyuldan boshlab yong‘in xavfsizligi bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 5 iyuldagi “Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbirini amalga oshirish to‘g‘risida” gi farmoyishiga binoan amalga oshirilayotgan jarayonlar davomida stansiya ishlab chiqarish inshooti va binolar, xo‘jalik va ma’muriy-boshqaruv binolari, stansiya tashqarisidagi xodimlar turar joyi, suv inshootlarida profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Birinchi navbatda, “To‘raqo‘rg‘on IES” qoshidagi yong‘in-qutqaruv qismi xodimlari ishtirokida stansiyada yong‘inga qarshi birlamchi o‘t o‘chirish vositalarining holati, sozligi va ulardagi kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilandi. Stansiyaning mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati yong‘in xavfsizligi bo‘yicha inspektori Shohruh Adashevning qayd etishicha, “Dolzarb 30 kun” tadbirlari doirasida, xodimlar uchun yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, maxsus treninglar, test sinovlari va viktorinalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA.