To‘raqo‘rg‘on tumani meva, ayniqsa, gilos yetishtirish va xorijga eksport qilishda nafaqat Namangan, balki Farg‘ona vodiysida yetakchi o‘rinda turadi. Ayni kunlarda pishib yetilgan hosilni yig‘ib olishga kirishilgan paytda unga mas’uliyat bilan yondashish muhim ahamiyatga ega.
Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov To‘raqo‘rg‘on tumanidagi o‘rganishlari davomida “Gold fresh fruits” mas’uliyati cheklangan jamiyatda bo‘ldi. Ta’kidlash joiz, tumanning joriy yilda 29 million dollarlik meva-sabzavot eksport rejasi bor. Ushbu jamiyat bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan eng yirik korxonalardan bo‘lib, qariyb 650 gektar maydonni egallagan. Bog‘da mevalar, ayniqsa, gilosning eng sarxil navlari yetishtiriladi. Mahsulotlar asosan Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSH, BAA, Indoneziya, Malayziya, Koreya Respublikasi singari davlatlarga yetkazib beriladi. Bu yil gilosning o‘zidan 1 ming 500 tonna eksport rejalashtirilgan.





Viloyat rahbari Namanganning meva-sabzavot eksporti salohiyatida bu kabi korxonalar yetakchi o‘rinda turishini qayd etib, mavsumda shijoat va yurtparvarlik bilan ishlashga chaqirdi hamda xorijlik xaridorlar bilan muloqotda bo‘ldi. Darvoqe, tumanda tashkil qilingan eksport shtabida kundalik natijalar sarhisob qilib borilmoqda. Tumanda taxminan 20 ming tonna gilos yetishtirilgan va uning kamida 15 ming tonnasi eksportga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.