Termiz tumanidagi “Marvarid” sanatoriysida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov yoshlar parlamenti a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda yosh avlodning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yurtimiz kelajagi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarga zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Yoshlarga oid siyosat davlatimiz belgilab olgan yo‘nalishning ustuvor vazifalaridan biriga aylangan mamlakatimizda soha oid 40 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan. Yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor ularni demokratik va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtmsodiyotni rivojlantirish yili”da tashkil etilgan Yoshlar parlamenti ham kelajagimiz vorislarining manfaatlariga ta’sir etadigan muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy masalalarni hal etish uchun mustahkam ko‘prik, ishonchli platforma vazifasini o‘tamoqda.

–Sizlar vohada yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda eng yaqin maslakdoshim, ko‘makchim bo‘lasizlar, – dedi viloyat hokimi uchrashuvda. – Qonun ijodkorligida o‘z tengdoshlaringiz ishtirokini ta’minlashda yordam berasizlar. Ularning yutuq va muammolarini, fikr va g‘oyalarini o‘rtaga olib chiqasizlar. O‘ylaymanki, buning uchun yetarli bilim va ko‘nikmaga egasizlar. Yangi yildan boshlab har bir sektorda yoshlar uchrashuvini yo‘lga qo‘yib, yutuq va muammolarni tinglaymiz. Iste’dodli yoshlarni munosib rag‘batlantirib, muammoga duch kelgan tengdoshlaringizga yordam beramiz. Yangi yildan yoshlar manfaatlarini ifoda etishda sizlarga katta ishonchimiz bor.
Uchrashuvda Yoshlar parlamenti a’zolari viloyatda tengdoshlari erishayotgan yutuqlar, duch kelayotgan muammolar haqida fikr bildirdi. Jumladan, mahalliy hokimliklar huzuridagi vasiylik va hokimiylik, voyaga yetmaganlar ishlari komissiyalari faoliyatida mavjud muammolar, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun yosh tadbirkorlarning kredit mablag‘lari olish, yoshlar parlamenti a’zolarining mahalliy kengashlar sessiyalarida ishtirokini ta’minlash kabi muhim masalalarni o‘rtaga tashladi. Maktablarda kitobxonlikni yanada yuksaltirish uchun tadbirkorlarni jalb etib, ta’lim muassasalarida yengil konstruksiyali kitob, gazeta-jurnal do‘konlarini ochish, mini texnologiyalarni xorijdan emas, bevosita mamlakatimizdan xarid qilishiga ko‘maklashish, mahalalarda xotin-qizlar masalalari bilan ishlaydigan mutaxassislarni psixolog yoki shifokor kasbiga ega ayollardan saralab qo‘yishni lavozim yo‘riqnomasiga kiritish singari muhim masalalarni ilgari surdi.

Ochiq muloqot yakunida viloyat hokimi To‘ra Bobolovga yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ko‘rsatayotgan tashabbuskorligi, vohada yoshlarga yuksak etibor qaratilayotgani, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari faoliyatini har taraflama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Yoshlar parlamenti raisi J.Boboyevning tashakkurnomasi topshirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA