Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘ra Bobolov sovrini uchun o‘tkazilgan uloq-ko‘pkari musobaqasida bosh sovrin kimga nasib etdi?
18:44 / 2021-02-14

Surxondaryo viloyati Angor tumanida Surxondaryo viloyati hokimi sovrini uchun katta uloq-ko‘pkari musobaqasi va “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha” shiori ostida vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

Mamlakatimizda o‘quvchi-yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida jismonan sog‘lom, manan barkamol ulg‘aytirish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Shunday ezgu maqsadda tashkil etilgan mazkur tadbir ham Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi harbiy xizmatchilarining “Jasur jangchi-yoshlar uchun namuna” shiori ostidagi  harbiy-vatanparvarlik karvoni bilan boshlandi.

Erta tongdan harbiylar karvoni tuman mahallari  bo‘ylab harakatlanib,  aholi va yoshlarni Qoraqir kengliklarida tashkil etilayotgan  uloq-ko‘pkari va festivalga chorladi.

Bu yerda yoshlar uchun zamonaviy texnika, qurol-yarog‘ va kiyim kechak hamda harbiy xizmatchilarning bir kunlik oziq – ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida sportning “Arqon tortish”, “Tosh ko‘tarish”, “Stol tennisi” va “Armvrestling” turlari bo‘yicha bellashuvlar uyushtirildi.

Viloyat hokimi sovrini uchun tashkil  etilgan xalqimizning qadimgi sport o‘yinida voha tumanlari va qo‘shni Qashqadaryo viloyatidan ham mashhur chavondozlar ishtirok etdi.

Musobaqaning ochilish marosimida mamlakatimizda sportni, xususan ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelgan qiziqarli ommaviy bellashuvlarni rivojlantirishga qaratilayotgan etibor yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat, nafis urf-odatlarimizga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalab, ularning mardlik, jasurlik, chaqqonlik kabi ulug‘ hislatlarini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi. Respublikamizda so‘nggi yillarda yanada ommaviylashib borayotgan uloq-ko‘pkari bellashuviga yoshlar o‘rtasida qiziqish oshib borayotgani haqida fikr yuritildi.

Prezidentimizning  2017 yil 15 iyundagi "O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori zotdor otlarni ko‘paytirib, yangi avlod chavandozlarini tayyorlash, tarbiyalash hamda milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini dunyoga  keng tarannum etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Musobaqa boshlanishida bir guruh yoshi ulug‘ ustoz chabag‘onga viloyat hokimligining sarpolari tuhfa qilindi.

Qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘lgan uloq-ko‘pkarida dastlabki sovrinni termizlik Bekzod chobag‘on angorlik Rahim quruvchining oti bilan marraga tashladi.

Ko‘pkarini halol va qiziqarli o‘tkazish uchun g‘oliblarga tuya,ot, pul mukofotlari va boshqa sovrinlar tikildi. Ko‘pkarida bir guruh harbiy xizmatchilar ham  mohir chavondozlar bilan maydonga tushib, o‘z otlarini sinovdan o‘tkazdi.

--Musobaqa barchamizga juda manzur bo‘ldi,¬ deydi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Po‘latjon Nosirov.¬ Chunki, men ham xalqimizning milliy o‘yini¬ ko‘pkariga juda qiziqaman. Bu o‘yin  yigitlarni mardlik, epchillik va halollik ruhida tarbiyalaydi. Uni chavandozlarning ot ustida ommaviy musobaqa shartlarini bajarib, g‘olib chiqish uchun olib boriladigan kurash-jangi desa bo‘ladi. Shu bois u alohida jismoniy tayyorgarlik va mahoratni talab etadi. Bu bellashuv biz uchun maktab vazifasini o‘tadi. Kelgusi musobaqlarda albatta sovrinli o‘rinlarni egallaymiz. Buning uchun harbiy qismlarda chavandoz yigitlar safini kengaytirib, ko‘pkari san’ati sirlarini chuqur egallaymiz.

Shu kuni vatanparvarlik, jasurlik, mardlik, halollik kabi yuksak fazilatlarimizni namoyon etgan qo‘shaloq tadbir yoshu-keksa uchun o‘ziga xos bayramga aylandi. Viloyat san’atkorlarining qiziqarli konsert dasturlari, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zaxiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda ajdodlarimiz qahramonligi aks etgan sahna ko‘rinishlari, havoskar harbiy baxshilar va harbiy orkestr ijrosidagi terma hamda kuy qo‘shiqlar barchada bir olam taassurot o‘yg‘otdi.

Janubiy operativ qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasidagi sport bellashuvlarida “Arqon tortish” bo‘yicha ikkinchi,“Tosh ko‘tarish”, “Armvrestling” musobaqalarida birinchi va “Stol tennisi” bellashuvida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Uloq-ko‘pkari musobaqasida bosh sovringa qo‘yilgan tuyani qiziriqlik Shahboz chabag‘on qo‘lga kiritdi. Shuningdek, sovringa qo‘yilgan otlardan biri qiziriqlik Bobosh, ikkinchisi sho‘rchilik Odil chabag‘onga nasib etdi.  Oltinsoylik Dilmurod chabag‘on 700, sho‘rchilik Sherzod chabag‘on 500 dollarlik sovringa egalik qildi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari To‘ra Bobolov ishtirok etdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,

O‘zA muxbiri